preloder

Akademiya tarixi

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqida

Mamlakatimiz o‘zining boy badiiy merosi bilan jahon san’ati va madaniyati rivojiga katta hissa qo‘shgan qadimiy sivilizatsiya o‘chog‘i sifatida milliy badiiy an’analarning o‘ziga xosligini saqlab kelayotgani dunyonnig yetakchi san’at mutaxassislari tomonidan e’tirof etilgan.
Shu o‘rinda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil topganidan beri o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati hamda dizayn yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, xalqimizning ushbu nafis san’atlarga bo‘lgan estetik ehtiyojini qondirish, keng yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ularga shart-sharoit yaratish, badiiy salohiyatini oshirish, zamon talablariga mos badiiy ta’lim tizimini keng yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq vazifalarni hal etib kelmoqda.
Badiiy akademiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasini tashkil etish haqida» 1997 yil 23 yanvardagi PF-1701-son Farmoniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3219-son qaroriga muvofiq amalga oshirib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, shaxsiy va ijodiy ko‘rgazmalar uchun keng imkoniyatlar yaratib berish hamda ijodkorlarning badiiy salohiyatini oshirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim muassasalari, tashkilotlar, atoqli madaniyat va san’at arboblari bilan ilg‘or tajribani almashish maqsadida har tomonlama ijodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ijodkorlar va iste’dodli yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish, xalqimizning boy madaniy merosini, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn an’analarini rivojlantirish Badiiy akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi.
Ijodiy, ta’lim, ilmiy va targ‘ibot-tashviqot yo‘nalishlarida keng ko‘lamda ko‘rgazmalar tashkil etish orqali milliy san’atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, badiiy ta’limning izchilligini kuchaytirish, jahondagi ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, tasviriy va amaliy san’at, dizayn yo‘nalishidagi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish ishlarini amalga oshirib kelmoqda.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyati yuzasidan o‘tgan 2017-2018 yillarda tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn sohasini takomillashtirish va yanada rivojlantirishga doir bir qator ishlar amalga oshirildi. Sohaga oid “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3219-son Qarori; Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 957-sonli; “Davlat mulki ob’ektlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 122-sonli qarorlari; O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 noyabrdagi I265-f-son farmoyishi qabul qilindi. . 2018 yil 6 martda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi № I8I – son qarori, 2018 yil 27 iyulda esa Vazirlar Mahkamasining “Alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” №588-son qarori tasdiqlanib, ushbu qaror va farmoyishlar ijrosi doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 2017 yilning 21 sentyabrida Badiiy akademiyaning haqiqiy a’zoligiga saylov o‘tkazildi. Unda 44 nafar nomzoddan eng yuqori baho olgan 12 nafari saylandi hamda 2018 yilning 13 mart kuni Badiiy akademiyaning yangi saylangan haqiqiy a’zolariga diplom va guvohnomalar tantanali topshirildi. Bugungi kunda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy a’zolari soni 39 nafarni tashkil etmoqda.
Ijodkorlar mehnati davlatimiz rahbari, hukumatimiz tomonidan yuksak baholanayotgani, rag‘batlantirilayotgani ularning yanada samarali ishlash, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga ilhomlantirmoqda. Joriy yil davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, xalqimiz madaniyati va ma’naviyatini yuksaltirish, milliy g‘oyani rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasi, yorqin iste’dodi va serqirra ijodi, ilmiy-innovatsion faoliyati, samarali xizmatlari, yosh avlodni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash hamda jamoat ishlaridagi faol ishtiroki uchun 8 nafar ijodkorlarimiz davlat mukofotlari bilan taqdirlangani fikrimiz isbotidir. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi milliy tasviriy san’atimiz, madaniy merosimiz va badiiy an’analarimiz bardavomligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishda davom etaveradi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.