loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Рlener ko‘rgazmasi

Bugun,3-iyun kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zalida «Ranglarda aks etgan ona tabiat» nomli plener ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan mazkur ko‘rgazma Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida joriy yilning may oyida yurtimizning turli go‘shalarida tashkil qilingan plenerlarning hisobotidir.

 

Plenerlar bir oy davomida yurtimizning 5 ta hududi – Toshkent viloyatidagi “Ugom-Chotqol”, Jizzax viloyatidagi “Zomin” milliy tabiat bog‘lari, Qashqadaryo viloyatidagi “Hisor” davlat qo‘riqxonasi, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi “Discovery” ekoturizm maskanida uyushtirilib, ularda ishtirok etgan O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga aʼzo 56 nafar taniqli rassomlar qatorida tanilayotgan yosh ijodkorlar tomonidan 160 dan ortiq etyud asarlar yaratildi va ko‘rgazmada tomoshabinlar hukmiga havola etildi.

Asarlarning aksariyat qismida mualliflar tabiat motivlarini asl holatida tasvirlashgan, boshqalarida ular dekorativ xayoliy kompozitsiyalariga aylangan. Shunday bo‘lsa-da, tabiat ijodiy g‘oyalarning birlamchi manbasidir.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi I.Valixo‘jayev, Ekolgiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining1-o‘rinbosari O.Qudratov, O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Bahodir Jalolov so‘zga chiqib, plenerlardan ko‘zlangan maqsad, tabiatni asrashga rassomlarning munosabati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Plener-hisobot ko‘rgazmasi joriy yilning 18-iyuniga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.