23-yanvar – O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashkil etilgan kun.Ajdodlarimizdan qolgan betakror badiiy merosni asrab-avaylash, milliy tasviriy, amaliy sanʼatimizning nodir durdonalarini, yurtimiz rassom, ijodkorlarining zamonaviy tasviriy va amaliy sanʼatda erishayotgan yutuqlarini dunyoga olib chiqish va targ‘ib qilish, zamon talablariga mos badiiy taʼlim tizim orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash, akademik ilmiy-tadqiqot ishlarini yana-da takomillashtirish – Badiiy akademiya oldida turgan asosiy vazifalar sirasiga kiradi.2017 yildan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining milliy tasviriy sanʼatimiz rivojini taʼminlashga qaratilgan faoliyati qizg‘in bosqichga kirdi. O‘tgan yillar mobaynida Badiiy akademiya faoliyatiga tegishli 12 ta hujjat – Prezidentining 1 ta farmoni va 2 ta qarori, 2 ta bayoni, Vazirlar Mahkamasining 7 ta qarori qabul qilindi. Natijada mamlakatimizda tasviriy va amaliy sanʼat, dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, akademik badiiy taʼlimning izchilligini taʼminlash, ijodkorlar va isteʼdodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy muhofaza qilish borasida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi.Davlatimiz rahbarining 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosi doirasida 2020 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi binosi to‘liq taʼmirdan chiqarilib, ijodiy muassasaga xos butunlay yangi qiyofaga kirdi. Binoda barpo etilgan “Akademiya” galereyasida sanʼat ixlosmandlariga nafaqat milliy tasviriy sanʼatimizda erishilayotgan yorqin ijodiy yutuqlar namoyishi, balki xorijiy ko‘rgazmalarni ham tashkil etish anʼanaga aylandi. Jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, sohaga ixtisoslashgan nufuzli xalqaro taʼlim muassasalari, tashkilotlar bilan har tomonlama ijodiy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilayapti.Badiiy akademiyaning xalqaro miqyosda salohiyatini oshirish maqsadida Koreya Respublikasining Keimyong universiteti prezidenti Sin Il Xi, Ozarbayjon Milliy sanʼat muzeyi direktori Chingiz Farzaliyev O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy aʼzosi bo‘ldi.Anʼanaviy xalqaro Tasviriy va amaliy sanʼat festivali, Toshkent xalqaro amaliy sanʼat biyennalesi, Toshkent xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesi, “Toshkent quvonchlari” xalqaro bolalar rasmlari biyennalesi Badiiy akademiyaning chet davlatlar bilan ijodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilayotgan yirik loyihalari sanaladi.Gap shundaki, mazkur sanʼat haftaliklari doirasida jahonning sohadagi nufuzli ilmiy dargohlari vakillari ishtirokida ilmiy-amaliy konferensiyalar ham o‘tkazilib, unda sanʼat sohasida jahon miqyosidagi dolzarb masalalar muhokama etilmoqda, yechimlar izlanmoqda.
