loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Hamkorlik rivojlanmoqda

Joriy yilning 19-22 may kunlari Italiyaning Pezaro shahrida “PROGETTO ANGELI” Xalqaro madaniyat uyushmasi tomonidan “O‘zbekiston va uning do‘stlari madaniyat haftaligi” o‘tkazildi.Haftalik doirasida Pezaro shahri hokimiyatining Palatsa Gradari va Villa Kaprile saroyida fotoko‘rgazma, o‘zbek madaniyati va milliy liboslar, tasviriy hamda amaliy sanʼat asarlari ko‘rgazmasi, fotoko‘rgazmalar namoyishi, Italiya va O‘zbekiston sanʼatkorlari tomonidan musiqiy dasturlar tashkil qilindi.“PROGETTO ANGELI” uyushmasi taklifiga muvofiq O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur 19-22 may kunlari Italiyada xizmat safarida bo’lib, o‘zaro madaniy almashinuvga boy o‘tgan ushbu haftalik tadbirlarida ishtirok etdi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nur safar davomida “PROGETTO ANGELI” uyushmasi prezidenti Aida Abdullayeva va uyushma taʼsischisi Maurissio Nikoletti, Italiyaning Pezaro shahri meri o‘rinbosari Daniele Vimini hamda Umbriya hududi meri Michele Toniaccini bilan uchrashdi. Muloqotlarda O‘zbekiston va Italiyada plener,mahorat darslari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari ko‘rgazmalari, festival va biyennalelardagi hamkorlik hamda Badiiy akademiya tasaruffidagi taʼlim muassasalari va Italiya ijod maktablari o‘rtasida tajriba almashish dasturini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi. Italiya ijodkorlarining joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan IV Xalqaro amaliy sanʼat biyennalesida ishtirok etish masalasiga eʼtibor qaratildi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.