loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Kino chizayotgan rassom

Bugun, 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida kino va teatr rassomi, O‘zbekiston Respublikasi sanʼat arbobi, Badiiy akademiya akademigi Baxtiyor Nazarovning “Kino chizayotgan rassom” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Baxtiyor Nazarov ijodi mavzularning serqirraligi, dinamikasi, ranglar uyg‘unligi bilan ajralib turadi.
Ustoz rassom yurtimizdan tashqari, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya, Hindiston, Marokash singari qator xorijiy davlatlarda shaxsiy ko‘rgazmalarini taqdim etgan.

B.Nazarov o‘zini nafaqat rassomchilik, balki kino sohasida ham yorqin namoyon etdi,50 dan ziyod badiiy va televizion filmlarning postanovkachi rassomi sifatida nom qozondi. Bu kartinalar muallifga olqishlar olib keldi, xalqaro kinofestivallarda yuksak sovrinlarni qo‘lga kiritdi.

Uning filmografiyasidagi “Seni kutamiz yigit”, “Karvon”, “Yo‘lovchilar”, “Shum bola”, “Tiniq chashma”, “Ota vasiyati”, “Katta va qisqa umr”, “Hayot mazmuni” “Shahrizodaning oxigi ertagi” – XX asr o‘zbek kinematografiyasi tarixiga kirgan filmlar sanaladi.

Ko‘rgazmada so‘z olgan Baxtiyor Nazarov o‘zining ushbu ko‘rgazmasi bolajonlarga, o‘quvchilarga bayram tuhfasi ekanini, bu bilan ustoz sifatida bo‘lajak musavvirlarga oq yo‘l tilashini, ekspozitsiyadagi asarlari ko‘p yillar davomida qilgan ishlarining o‘ziga xos hisoboti bo‘lganini aytib o‘tdi.

Tadbirda  Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi direktori U.Hakimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, grafik rassom A.Mamajonov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur so‘zga chiqib, muallif qalb qo‘ri, mehr-muhabbat bilan yoshlarni barkamol, komil insonlar etib tarbiyalashdek olijanob  vazifaga bel bog‘laganini taʼkidlashdi, sharafli mehnatida ulkan zafarlar tilashdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.