loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

RISMI o‘quvchilari zafar quchdi

Joriy  yil 13-22-may kunlari Qozog‘iston Respublikasining Taraz va  Taldiqo‘rg‘on shaharlarida  IV Xalqaro  yosh ijrochilar “Sounds of Asia” hamda  xalqaro “Yosh virtuozlar” tanlovlari bo‘lib o‘tdi.Tanlovlarda Belarus, Xitoy, Qozog‘iston, Koreya, Fransiya, Ozarbayjon, Rossiya davlatlaridan tanlovga kelgan yosh sozandalar bilan bir qatorda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati musiqa bo‘limining maxsus fortepiano yo‘nalishi 3-sinf o‘quvchisi Mamatraximova Xadicha, xalq cholg‘ulari ijrochiligi yo‘nalishida 10-sinf o‘quvchisi Normatova Zarina (chang) va 11-sinf o‘quvchisi Akbarboyeva Sayyora (prima rubob) mutaxassislik o‘qituvchilari rahbarligida ishtirok etishdi.  Xalqaro tanlovda hayʼati Qozog‘iston, Rossiya, Fransiyadan taklif qilingan mashhur sozanda va professor o‘qituvchilardan iborat bo‘ldi. Tanlov 200 nafardan ortiq iqtidorli yosh ijrochi ishtirokida kichik, o‘rta va katta guruhlarga bo‘lib o‘tkazildi. Ishtirokchilar  ikkitadan asar – yirik shaklda hamda xalq kuylaridan namunalar ijro etishdi. RISMI o‘quvchilari Yevropa va o‘zbek xalq milliy kuylarini ijro qilib, mahoratini yuqori darajada namoyish etishdi. O‘quvchilar texnik mahorati, ijro uslubi, asarlarni mazmunan keng yoritib bergani bilan hayʼat aʼzolari eʼtiboriga sazovor bo‘lishdi.Tanlov yakuni bo‘yicha kichik guruhda IV Xalqaro  yosh ijrochilar “Sounds of Asia” tanlovida Mamatraximova Xadicha I o‘rin (fortepiano), xalqaro “Yosh virtuozlar” tanlovida kattalar guruhida Akbarboyeva Sayyora I o‘rin (rubob prima), o‘rta guruhda Normatova Zarina  II o‘rin (chang)ga munosib topilib, g‘olib bo‘lib qaytishdi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.