loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Sharq nafis sanʼati yoshlar nigohida

Bugun,3 fevral kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura sanʼati muzeyida Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi aʼzosi, miniatyurachi rassom Behzod Xojimetov va yosh miniatyurachi rassomlarning “Sharq nafis sanʼati yoshlar nigohida – V” nomli anʼanaviy koʻrgazmasi ochildi.Bu koʻrgazma gʻoyasi rassom B.Xojimetov tomonidan ilgari surilgan boʻlib, ilk marta 2017 yilda tashkil etilgan. Beshinchi marta oʻtkazilayotgan “Sharq nafis sanʼati yoshlar nigohida” nomli koʻrgazma buyuk mutafakkir, Hazrat Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur ham buyuk musavvir Kamoliddin Behzod tavalludiga bagʻishlandi.Alisher Navoiy va Kamoliddin Behzod bilan bir davrda hamda ulardan keyin yashagan tarixchilar bu ikkala buyuk zotning oʻzaro munosabatlari, Behzodning buyuk musavvir boʻlib yetishishida Navoiyning oʻrni beqiyos ekanligini alohida qayd qilib oʻtadilar.Navoiy va Boburni esa sheʼriyat birlashtirgan. Ular bir-birlari bilan uchrashmagan boʻlsalarda, Bobur Navoiyni oʻziga ustoz deb bilgan, Navoiy ijodini chuqur ixlos bilan oʻrgangan, koʻpgina gʻazallarini yod olgan. Hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur oʻz faoliyatlari davomida ijod va ilm ahlining homiysi boʻldilar, bu davrda benazir qoʻlyozmalar yaratildi, Kamoliddin Behzod va uning shogirdlari tomonidan betakror miniatyuralar bilan bezaldi.Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod kabi buyuk ajdodlarimiz nafaqat, jahon madaniyati, adabiyoti va sanʼati rivojiga benazir, durdona asarlari bilan, balki amalga oshirgan ezgu ishlari, meʼmorchilik obidalari bilan ham katta hissa qoʻshdilar. Mana oradan VI asrga yaqin vaqt oʻtibdiki, ulugʻ mutafakkir ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosi butun dunyoni hayratga solib, insonlar qalbiga, ongu shuuriga ezgulik, insonparvarlik, saxovat va mehr-muruvvat nurini taratib kelmoqda.
Kamoliddin Behzod izdoshlari bugungi kunda ham uning uslubini davom ettirmoqdalar. Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur asarlariga murojaat qilib, miniatyuralar ishlamoqdalar.Bugungi koʻrgazmada Behzod izdoshlari – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti yosh oʻqituvchilari, oliygoh bitiruvchilari va talabalari – B.Xadjimetov, R.Alibayev, G.Abdullayeva, M.Kalbayeva, A.Soliyev, Ch.Payziyeva, A.Qodirov, Z.Yusupov va ularning shogirdlari B.Dedashev, D.Xoshimova, M.Yo‘ldosheva, S.Jalilova, N.Nabiyeva, M.Jamoliddinova, Sh.Arifboyev, N.Xuriboyeva, Sh.Asadullayeva, Z.Eraliyeva, X.Tojimatov, N.Axmadaliyeva, M.Yusupova, Sh.Qambarovalarning miniatyura asarlari hamda hikmatli soʻzlardan iborat xattotlik namunalari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilmoqda.Koʻrgazmada oʻziga xos kayfiyat baxsh etuvchi 60 dan ortiq asarlar namoyish etilmoqda.

Koʻrgazma 2023 yil 12 martgacha davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.