loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

«Sohir qalam mo’jizasi» nomli an’anaviy ko’rgazma ochildi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida O’zbekiston Hunarmandlar Uyushmasi hamkorligida buyuk shoir, mutafakkir Alisher Navoiy, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hamda buyuk musavvir Kamoliddin Behzod tavalludiga bag’ishlab «Sohir qalam mo’jizasi» nomli ko’rgazma tashkil etildi.

Buyuk tarixiy shaxslarning hayoti, faoliyati adabiyot va tasviriy san’atning asosiy mavzularidan biri boʻlib kelgan. Sharq adabiyotining mumtoz vakillaridan bo’lmish Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur musavvirlar uchun hamisha bitmas- tuganmas ilhom manbai hisoblangan. Ayniqsa, Kamoliddin Behzod an’anasini davom ettirayotgan kitob miniatyurasi va lokli miniatyura asarlarida Xamsanavislik an’analariga sodiqlik va Boburning g’azallaridagi betakrorlik o’zgacha bo’lib, rassom nafosati, ohang o’ynoqiligi, ranglar uyg’unligi va g’oyaviy-falsafiy ohangdorlik ustunlik qiladi. Namoyish etilayotgan asarlarda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning durdona asarlariga bag’ishlangan Xattotlik san’ati namunalari, an’anaviy sa zamonaviy uslubda ishlangan miniatyuralar o’rin olgan.

 

Sharq miniatyura san’ati xalqning olamni idrok etishi va his etishini obrazlarda mujassamlashtiradi, chunki hayotiy voqealikni, xalqning tarixiy va diniy o’ziga xosligini jonli obrazlarda tasvirlabgina qolmay, bugungi kunda yuksak insonparvarlik g’oyalari bilan bevosita bog’liq.

Uslubiga ko’ra rang-baranglikda ijod qilayotgan Mamatov I, Mirsagatov M, Amanov K, Xayrullayev L, Isroilov Q, Abdurahmonov R, Kalbayeva M va ularning shogirdlari Shokirova X, Samiyeva S, Asqarov D, Dedashev B, Arifboyev Sh, Ziynatullayev M, Abduqayyumov A, Sunatullayev Z, Shermatova N, Nazarova M, Nabiyeva N, Jamoliddinova M, Shokirova G, Ashurova S, Murodova M, Abduvohidova S, Ismoilova M, Botayev Sh, Yo’ldosheva M, Atxamova N, Meliboyev H, Shavkatova M, Sobitova M, Adizova A, Mirzayev J, Abdullayeva N, Islomova N, Tagayeva N. kabi xattotlar va musavvirlar ijodiy asarlari umrboqiy hikmatlar va obrazlar bilan boyitilgan.

An’anaviy va zamonaviy yo’nalishda ijod qiluvchi ijodkorlar badiiy asarlardagi voqealarni, ularning mashhur qahramonlari holatlarini sharqona odob-ahloq mezonlaridan kelib chiqgan holda, o’ziga xos, badiiy tili, shartli ramziy timsollari orqali tasvirlaydilar. Ko’rgazmadan tarixiy shaxslar, hunarmandchilik, ma’naviy va madaniy hayot hamda turmush tarzi aks ettirilgan asarlar ham o’rin olgan.

20 nafardan ziyod xattot va miniatyurachi rassomlarning 80 dan ortiq ijodiy ishlari namoyish etilayotgan ko’rgazma 20 fevralgacha davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.