loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Surnay uchun sonata

Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida taniqli rassom Rustam Bazarovning «Surnay uchun sonata» nomli shaxsiy ko’rgazmasi ochildi.Zamonaviy san’at olamida sodda, xalqchil asarlari bilan Rustam Bazarov nomi san’at ihlosmandlariga ancha-muncha tanish bo’lib ulgurgan. Qadim–qadimdan insoniyat san’at va madaniyatga intilib yashaydi. Kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik bo’lsa, o’z ustida ishlab, ijod qilib, o’zidan manaviy meros qoldirayotdan ustozlar esa millat ko’zgusidir. Shunday kamtar, kamsuqum, ijodkor ustozlardan biri Bazarov Rustam Sharifovichdir. Asli Qashqadaryolik bo’lgan R. Bazarov 1968 yilda tavallud topgan. Soha bo’yicha dastlabki talimni Toshkent shaxridagi Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida boshlab, 1989-1995 yillarda M.Uyg’ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutida talim oldi. Dastlab turli xil korxona va birlashmalarda rassom lavozimida faoliyat yuritib, 2014 yildan boshlab o’zlari ta’lim olgan Respublika ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati rassomlik bo’limida dastgoxli rangtasvir mutaxassisligi bo’yicha to xozirgi kungacha o’quvchilarga ta’lim berib kelmoqda. R.Bazarov pedagogik faoliyatidan tashqari faol ijod bilan xam muntazam shug’ullanib keladi. Ijodda asosan maishiy, manzara janr bo’lsada bazan allegorik uslub xam uchrab turadi. Ular yaratgan asarlarida yaqin o’tmishda jamiyatimizda sodir bo’layotgan voqea xodisalar aks ettirilgan bo’lib, Jamiyat mavzusi oʻzbek sanʼatida koʻp uchramaydi, lekin Rustam Bazarov kartinalarida asosiy oʻrinni egallashi bilan birga unda samimiylik, tabiatga muhabbat va xalq hayotini chuqur anglash rassom asarlarining o’ziga xos belgilaridir. Rassom kundalik turmushni mohirona yaratishda aniq va psixologik jihatdan ishonchli bo’lishiga qattiq ahamiyat beradi. Natijada asarlari falsafiy, kinoyali konsepsiyaga boyligi bilan ajralib turadi. Ijodkor o’z asarlarida har bir tomoshabinga tanish bo’lgan shahar hayotining lahzalarini aks ettiradi. Shunday ko’rinishdagi asarlardan “Parkda”, “Bozor”, “Saylgoh ko’chasi”, “Bozorchi”, “Pionerskiy ko’chasida tong” kabi ko’plab asarlarini aytish joiz. R.Bazarov. rasmlarining boy rang sxemasi va ritmik tashkil etilishi tabiatan milliy bo’lib, o’zbek xalq hayotiga asoslangan. Shu bilan birga, ular butunligi bilan hayratda qoldiradi. Vaqt o’tishi bilan uning rasmlarining hissiy tuzilishi tobora murakkablashmoqda. («Rim senatori ko’rinishidagi naturachi» 2022, «O’g’irlangan Yevropa» 2022). “Surnay uchun sonata” ko’rgazmasida avvallari namoyish etilgan asarlar bilan bir qatorda mutlaqo yangi ishlar ham tomoshabin e’tiboriga havola etilgan.
Ekspozitsiyada bir qator maishiy, manzara hamda avangard (falsafiy) uslubida “Nomsiz”, “Bahor (2018)” kabi turli mavzularga bag’ishlangan kartinalar o’rin olgan. Rassomning asarlarida namoyon bo’lgan obrazlar reallikka yaqin, rassomning dunyoqarashi mahsulidir. Rassomning ijodi zamondoshlar orasida mehr qozongan.

Ko’rgazma 1 mayga qadar davom etadi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.