loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Taʼlim va ijod

Bugun, 23 may kuni, soat 17:00da, Toshkent Fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn instituti “Mahobatli rangtasvir kafedrasi” professor-o‘qituvchilarining “Taʼlim va ijod” nomli guruhiy ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutining turli kafedralari professor-o‘qituvchilarining ijodiy ishlari ko‘rgazmasi o‘tkazilishi bugungi kunda anʼanaviy tus olgan.

K.Behzod nomidagi MRDI Rangtasvir fakulteti «Mahobatli rangtasvir» kafedrasi institutning asosiy kafedralaridan biri bo‘lib, unda respublikamizda va xorijda taniqli bo‘lgan xalq rassomlari, o‘z maktabiga asos solgan professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda endigina tanilib kelayotgan isteʼdodli yosh musavvir-ustozlar ham talabalarga kasb va taʼlim sir-asrorlarini o‘rgatib kelmoqdalar.

Bugungi ko‘rgazmada “Mahobatli rangtasvir” kafedrasida faoliyat ko‘rsatayotgan: B.Jalolov, R.Xudayberganov, G.Kadirov,  A.Alikulov, Sh.Jumaniyazov, A.Tyurin,  S.Raxmonov, Ch.Bekmirov, V.Xapov, U.Rajabov, I.Xalilov, B.Obidov, Z.Farmonov, F.Sattorov, J.Tuyakov, Z.Usmonaliyev, F.Erkaboyeva singari professor-ustozlar va yosh ustozlarning asarlari hamda devoriy rangtasvir asarlari eskizlari va for-eskizlari namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmaning maqsadi: Mahobatli devoriy rangtasvir asarlari, asarning kompozitsiya eskizi va ularning kartoni, devoriy asarning binodagi ko‘rishining fotolavhasi, dastgohli rangtasvir badiiy asarlari hamda turli uslubdagi ijodiy namunalarni ko‘pchilik hukmiga havola etish.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.