loader image
Barcha yangiliklarga qaytish

Tasviriy sanʼatga ixtisoslashgan maktablar uchun yangi avlod darsliklari taqdimoti

Bugun,11-may kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi anjumanlar zalida Badiiy akademiya tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari hamda maktab internatlari uchun 2022-2023-yillarda chop etilgan dastlabki o‘quv adabiyotlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda hamkor tashkilotlar – Maktabgacha  va maktab taʼlimi vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi soha mutaxassislari, o‘quv qo‘llanmalarni yaratishda jonbozlik ko‘rsatgan mualliflar va nashriyot xodimlari, mutasaddilar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 21-apreldagi “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yana-da oshirishga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4688-son qarori badiiy taʼlim yo‘nalishida tub o‘zgarishlarga huquqiy asos bo‘ldi. Zero, davlatimiz rahbarining ushbu qarori ijrosini taʼminlash maqsadida 2021 yildagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktablari hamda maktab internatlarining mutaxassislik fanlari bo‘yicha yangi avlod darsliklari o‘quv metodik qo‘llanmalar, katalog-albomlar va materiallarni tayyorlash hamda chop etish reja jadvali”ga muvofiq 2026 yilga qadar 144 nomda o‘quv adabiyotlarni yaratish va chop etish ro‘yxati tasdiqlanib, jarayonga kirishildi.

Ushbu amaliyotning muhim jihati shundaki, O‘zbekistonda tasviriy sanʼatga ixtisoslashgan maktablar uchun badiiy taʼlim yo‘nalishida birinchi marotaba mutaxassislik fanlaridan o‘quv adabiyotlari chop etila boshlandi.
Shu bois, mualliflar tarkibiga tajribali soha mutaxassislari va o‘qituvchilar bilan birga iqtidorli yosh o‘qituvchilar ham jalb qilindi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi
 © 2019. Barcha huquqlar himoyalangan.
Veb-saytdagi ma’lumotlardan foydalanilganda, manbaga havola qilish majburiy.