25-iyun kuni Toshkent metallurgiya zavodida V Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumining yopilish marosimi va ishtirokchilarni taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda simpozium tashkilotchilari, hamkor tashkilotlar rahbarlari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari, san’atshunoslar, ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir avvalida simpozium davomida yaratilgan haykaltaroshlik asarlari taqdimoti tashkil etildi. O‘zbekiston, Italiya, Fransiya, Turkiya, Xitoy va Gruziya haykaltaroshlari yaratgan monumental asarlar namoyish etildi. Marmar va metalldan ishlangan asarlar mualliflarning badiiy qarashlari bilan birga inson, tabiat va texnologiyalar o‘rtasidagi munosabatlarga oid falsafiy yondashuvni ham aks ettirdi.
Ma’lumki, 3-iyun kuni boshlangan V Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi “Ekologiya va san’at” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Toshkent metallurgiya zavodi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Simpoziumning asosiy maqsadi — haykaltaroshlik san’atining zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini namoyish etish, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash, ekologik tafakkurni targ‘ib qilish hamda san’at va sanoat integratsiyasining yangi shakllarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Simpozium ilk bor Toshkent metallurgiya zavodi hududida tashkil etildi. Bu ishlab chiqarish maydonini zamonaviy san’at makoniga aylantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Metall kompozitsiyalar zavod hududida saqlanib, sanoat muhitiga yangi estetik qiyofa bag‘ishlaydi hamda texnologiya va san’at uyg‘unligini namoyon etadi.
Yakuniy marosimda so‘zga chiqqanlar xalqaro loyiha nafaqat ijodiy tajriba almashish maydoni, balki O‘zbekistonning madaniy salohiyatini dunyo miqyosida namoyon etuvchi muhim platforma ekanini ta’kidladilar.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur o‘z nutqida haykaltaroshlik san’ati xalqning tarixiy xotirasi, madaniy qiyofasi va estetik tafakkurini shakllantiruvchi muhim san’at turi ekanini qayd etdi. Shuningdek, u har bir monumental asar kelajak avlodlar uchun madaniy meros bo‘lib xizmat qilishi, simpozium esa xalqaro ijodiy hamkorlik, san’atning chegaralarni tan olmasligi, yosh avlodda san’atga mehr, atrof-muhitga mas’uliyat va estetik dunyoqarashni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbir davomida simpozium ishtirokchilarining samarali ijodiy faoliyati e’tirof etilib, ularga maxsus sertifikatlar, esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari topshirildi.
Simpozium doirasida yaratilgan marmar haykaltaroshlik asarlari Nurafshon shahriga o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu shaharning me’moriy-estetik qiyofasini boyitish, jamoat makonlarini bezash hamda yoshlar orasida san’atga qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
V Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi yakunlari haykaltaroshlik san’atini rivojlantirish, xalqaro ijodiy hamkorlikni kengaytirish va ekologik madaniyatni targ‘ib etish borasidagi izchil sa’y-harakatlarning yorqin ifodasi bo‘ldi. Mazkur loyiha san’at, ekologiya va sanoat o‘rtasidagi samarali hamkorlikning muhim namunasi sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.