Joriy yilning 3-iyun kuni Toshkent metallurgiya zavodi hududida V Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli ijodiy loyiha O‘zbekiston haykaltaroshlik san’atini xalqaro miqyosda targ‘ib etish, turli mamlakatlar ijodkorlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash hamda ekologik madaniyatni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Simpoziumda O‘zbekiston, Italiya, Fransiya, Turkiya, Xitoy va Gruziyadan jami 18 nafar taniqli haykaltarosh ishtirok etmoqda. Xususan, xorijiy ishtirokchilar safida Aleksandre Phophkhadze (Gruziya), Gadadhar Ojha (Fransiya), Yang Liu (Xitoy), Stefano Sabetta (Italiya) hamda Evrim Çamoğlu (Turkiya) kabi ijodkorlar o‘rin olgan.
✅ Tadbir ilk bor Toshkent metallurgiya zavodi hududida tashkil etilayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Zavod ushbu loyiha doirasida nafaqat mezbon maydon, balki asosiy hamkor sifatida ham faol ishtirok etmoqda. Simpozium davomida ishtirokchilar an’anaviy marmar bilan bir qatorda, zavod tomonidan taqdim etilgan metall materiallaridan ham foydalanib, o‘z ijodiy g‘oyalarini ro‘yobga chiqaradilar.
📍 Ijodiy loyiha uchun Samarqand viloyatidagi Zarband konidan keltirilgan marmar bloklar tayyorlangan bo‘lib, ular asosida monumental haykaltaroshlik asarlari yaratilmoqda. Bu yilgi simpoziumning “Tosh, metall va atrof-muhit” mavzusi ishtirokchilarga zamonaviy ekologik muammolar hamda inson va tabiat uyg‘unligini badiiy talqin etish imkonini bermoqda.
✨ Ayni kunlarda haykaltaroshlar o‘z asarlari ustida qizg‘in ijodiy ishlar olib bormoqda. Simpozium davomida yaratiladigan san’at asarlari haykaltaroshlik san’atining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishi, shuningdek, xalqaro madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Simpozium tashkilotchilari sifatida Toshkent metallurgiya zavodi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Toshkent viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi faol ishtirok etmoqda.
📌 V Xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi joriy yilning 26-iyuniga qadar davom etadi.