close-icon

Dushanba – Juma, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 9-may kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PQ-120-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida milliy mustaqillik va suverenitet g‘oyalari, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qiyofasini o‘zida aks ettiruvchi “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihalarini ko‘rib chiqish va saralashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Madaniyat vazirligi hamda Yozuvchilar uyushmasi vakillaridan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, ishchi guruh raisi Akmal Nuridinov ochib berdi. U mazkur monument milliy mustaqillik, suverenitet, vatanparvarlik va Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti g‘oyalarini badiiy jihatdan ifoda etuvchi muhim ramz bo‘lishini ta’kidladi.

Muhokamalar davomida haykaltaroshlar tomonidan taqdim etilgan eskiz loyihalari ko‘rib chiqildi. Loyihalarda xalqimizning tarixiy merosi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari va madaniy an’analari zamonaviy badiiy yechimlar orqali aks ettirilgani qayd etildi. Shuningdek, kompozitsion yaxlitlik, obrazlarning ta’sirchanligi, estetik mukammallik va milliy ruh uyg‘unligi asosiy mezon sifatida baholandi.

✒️ Tanlov doirasida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining 4 nafar haykaltaroshi tomonidan jami 42 ta ijodiy loyiha taqdim etildi. Jumladan, A. Ollaberganov tomonidan 26 ta, B. Norboyev tomonidan 5 ta, J. Annazarov tomonidan 5 ta hamda Sh. O‘rozov tomonidan 6 ta loyiha namoyish etildi.

Ishchi guruh tomonidan barcha loyihalar batafsil o‘rganilib, bildirilgan fikr va takliflar asosida haykaltaroshlar A. Ollaberganov va J. Annazarovning bir qator eskiz loyihalari alohida e’tirof etildi hamda keyingi bosqich uchun saralab olindi.

Yig‘ilish yakunida ta’kidlanganidek, tanlovga taqdim etilgan barcha ijodiy ishlar o‘ziga xos badiiy yechimlari, boy g‘oyaviy mazmuni va milliy ruhni aks ettirishi bilan ahamiyatlidir. Mazkur loyihalar “Vatan fidoyilari” monumentining yakuniy konsepsiyasini shakllantirishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.