close-icon

Monday - Friday, 09:00 - 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 19-dekabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida Baxtiyor Dedashevning “Tafakkur” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Mazkur ko‘rgazma musavvirning Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasida stajor-tadqiqotchi sifatida faoliyati yakuniga bag‘ishlangan hisobot ko‘rgazma bo‘lib, 40 ga yaqin xattotlik va miniatyura san’ati asarlaridan iborat.

Dedashev Baxtiyor Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Xattotlik va miniatyura yoʻnalishi bo‘yicha bakalavr (2020) va magistratura (2022) bosqichlarini tamomlagan. O‘quv jarayonida Mirxamid Sobirov, Behzod Xadjimetov, Rashid Aliboyev, Azizbek Soliyev, Davron Toshev kabi taniqli miniatyurachi rassomlardan saboq olgan. 2024–2025-yillarda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasida Xattotlik va miniatyura mutaxassisligi bo‘yicha stajor-tadqiqotchi sifatida malakasini oshirdi.

Hirot va Buxoro miniatyura san’ati an’analariga amal qilgan musavvir B. Dedashev turli mavzularga murojaat qiladi: tarixiy syujetlar, o‘tmishdagi mashhur shaxslar portretlari, Sharq mumtoz adabiyoti asarlariga ishlangan illyustratsiyalar, dostonlar, romanlar, hikoyalar qahramonlari, xalq urf-odatlari va an’analari Baxtiyor Dedashev ijodida muhim o‘rin egallaydi.

Buning tasdig‘ini Buyuk sarkarda va adolatli hukmdor Amir Temur tasvirlangan “Amir Temur va uning lashkarlari” asarida, milliy qahramonimiz Jaloliddin Manguberdi jasoratiga bag‘ishlangan “Turon arsloni” nomli dinamik asarida, Imom al-Buxoriy hayot yo‘liga bag‘ishlangan ijodiy ishlarda, shuningdek tasavvuf ta’limoti bilan bog‘liq “Shayx va murid”, “Hamzaning sarguzashtlari” (nusxa) va boshqa asarlarida kuzatish mumkin.

Saroy kitobxonalarida ijod qilgan o‘rta asr Sharq miniatyura rassomlari kabi, Baxtiyor Dedashev ham serqirra rassom sifatida “abru-bahor”, xattotlik, naqqoshlik va miniatyura san’atini mukammal o‘zlashtirgan. Ko‘rgazmada rassomning nasx, suls, kufiy va nastaliq yozuvida yaratilgan xattotlik kompozitsiyalari, Babonaqqosh uslubidagi tazhiblar hamda O‘rta asr Sharq qo‘lyozmalariga xos sahifa bezaklari namoyish etilgan.

B. Dedashev ijodining yana bir muhim jihati — ramziy ma’nolar, allegorik syujet va obrazlar orqali asar mazmunini tomoshabinga yetkazishidir. A. Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romaniga ishlangan “Hijron” nomli miniatyurada katta toshlar orqali qahramonlarning qayg‘uli taqdiri, orqa fondagi qizarib botayotgan ufq orqali esa psixologik fojea ifodalangan.

Musavvir o‘z ijodida tanlagan mavzulari orqali dunyoni anglaydi, tomoshabinlarni esa hayotning har bir lahzasini chuqur tafakkur qilishga chorlaydi.