Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 11-iyul kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasida stajor-tadqiqotchilarning 2025-yil birinchi yarim yillik attestatsiyasi bo‘lib o‘tdi.✔️
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur boshchiligida, Badiiy akademiya akademiklari hamda O‘zbekiston xalq rassomlaridan iborat komissiya stajor-tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan asarlarni san’atshunoslik mezonlari asosida ko‘zdan kechirdi. Asarlarning badiiy g‘oyasi, kompozitsion yechimi, estetik izlanishlari va ijodiy yondashuvlari alohida e’tirof etildi, shu bilan birga, kuzatilgan uslubiy cheklanganlik, tafakkur torligi yoki texnik kamchiliklar yuzasidan ham ochiq va tanqidiy fikrlar bildirildi. Har bir ijodkor uchun uslubiy va badiiy izlanishlarning istiqbollari hamda ularni rivojlantirish yo‘llari yuzasidan individual tavsiyalar berildi.
Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-apreldagi PQ–4688-sonli qarori asosida tashkil etilgan oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichi bo‘lib, unga magistratura bosqichini tamomlagan, tasviriy san’atning yo‘nalishlarida (dastgohli, grafika, mahobatli, miniatyura, haykaltaroshlik) faoliyat yuritayotgan iqtidorli yosh rassomlar har ikki yilda bir marta tanlov asosida qabul qilinadi. Ta’lim jarayoni “ustoz–shogird” an’anasi va zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida olib borilib, unda chuqurlashtirilgan ijodiy tayyorgarlik, estetik tafakkurni shakllantirish, badiiy mahorat va saviyani yuksaltirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlardagi tanlovlar va ko‘rgazmalar bilan tanishish hamda xalqaro tajriba almashish maqsadida stajor-tadqiqotchilar uchun ijodiy safarlar tashkil etiladi.
🔹 Bugungi kunda Rassomlik mahorat ustaxonasi nafaqat “ustoz–shogird” an’analariga asoslangan ijodiy maktab, balki nazariy bilim, texnik yondashuv va estetik tafakkur uyg‘unligini mujassam etgan zamonaviy san’at ta’limining milliy modeli sifatida shakllanmoqda.. O‘zbekiston xalq rassomlari va Badiiy akademiya akademiklari tomonidan olib borilayotgan darslar yosh rassomlar tafakkurida tasviriy san’atga oid nazariy bilimlar, kompozitsion fikrlash va texnik-amaliy ko‘nikmalarning uyg‘un rivojlanishini ta’minlab, ustozlar bilan bevosita muloqot esa obrazli tasavvur, estetik idrok va shaxsiy uslubning shakllanishida muhim metodik va ma’naviy tayanch vazifasini bajarmoqda.
Attestatsiya yakunlariga ko‘ra, stajor-tadqiqotchilar tomonidan yaratilgan asarlar belgilangan tartibda Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi fondlariga topshiriladi. Bu nafaqat yosh ijodkorlarning mehnatiga berilgan e’tirof, balki muzey fondlarini zamonaviy milliy san’at namunalariga boyitish yo‘lidagi muhim bosqichdir.
Akmal Nur:
💭“Rassomlik mahorat ustaxonasining tashkil etilishi haqidagi Prezident qarori bugun o‘zining amaliy natijalarini ko‘rsatmoqda. Bu tizim — o‘z kasbini chuqur anglashi, badiiy tafakkurini mustahkamlashi va milliy maktabga daxldorligini his etuvchi yangi avlod rassomlari shakllanayotgan maskandir. Mazkur kurs yoshlarga berilgan ulkan imkoniyat bo‘lib, ularning san’atda mustaqil yo‘l tanlashida tayanch poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Badiiy akademiyaning bu yo‘nalishdagi strategik sa’y-harakatlari kelajakda o‘zbek tasviriy san’atining xalqaro maydondagi mavqeini oshirishga xizmat qiladi”.