Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 4-iyul kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyor-tadqiqotchilarining 2024-25 yillarda stajirovka olib borayotgan 10 nafar iste’dodli rassomlarning “Yoshlar nafasi” nomli hisobot ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko'rgazmada ikki yil mobaynida yaratgan 50 ga yaqin ijodiy asarlari namoyish etildi.
O'zbekiston Badiiy Akademiyasi mamlakatimizda iqtidorli yosh rassomlarni qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida ijodiy stajirovka dasturini muvaffaqiyatli davom ettirmoqda. Akademiya qoshidagi 10 ta katta ijodiy ustaxonada magistratura bosqichini tamomlagan va tanlov asosida saralab olingan eng iqtidorli yosh ijodkorlar tahsil olmoqda.
2024 yilda boshlangan bu stajirovka dasturi ikki yil davom etadi. Dastur doirasida ishtirokchilarga O'zbekiston san'atida alohida o'rin tutadigan yirik ijodkorlar - akademik va xalq rassomlari Sobir Raxmetov, Akmal Nur, Javlon Umarbekov, Fayzulla Axmadaliev saboq bermoqda. Ularning boy tajribasi va ijodiy merosi yoshlar uchun ilhom va tayanch manbai bo'lib xizmat qilmoqda.
Stajyorlar yurtimizdagi taniqli ustozlardan bilim olish bilan birga, xalqaro amaliy tajriba, plenerlar va ko'rgazmalarda qatnashib, o'z asarlari orqali O'zbekiston san'atini jahon sahnasida namoyon etmoqdalar.
Stajirovka doirasida turli yo'nalishlar: realizm va avangarddan tortib, stilizatsiya, kubizm, abstraksiya va mualliflik dastxatini shakllantirish singarilar mavjud. Har bir ishtirokchining o'ziga xos uslubi va dunyoqarashi bo'lib, bu zamonaviy o'zbek san'atining rango-rangligini namoyon etadi.
Har yarim yilda tashkil etiladigan hisobot ko'rgazmalari orqali stajyorlar o'z ishlarini keng jamoatchilik va mutaxassislarga taqdim etish imkoniga ega bo'ladilar. Bu ko'rgazmalar nafaqat erishilgan yutuqlarni namoyon etish, balki keyingi ijodiy harakatlarga kuchli turtki hamdir.
Ko‘rgazmada shuningdek, rassom Umidjon Alimov va san’atshunos Kamola Nishanova hammuallifligida yaratilgan “Anorli choyxona 2.0” asari namoyish etildi. Apsaykling (upcycling) texnikasi asosida ishlangan ushbu loyiha “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Atrof muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili doirasida ekologik tafakkurni yoritishga qaratilgan. Asarda rassom Aleksandr Volkovning 100 yillik “Anorli choyxona” asariga zamonaviy piksel estetikasi bilan qayta yondashilib, san’at orqali ekologiyani asrash g‘oyasiga badiiy hissa qo‘shilgan.
“Yoshlar nafasi” — bu yosh ijodkorlarning nafaqat san’atga, balki zamonga aytgan so‘zidir. Ularning har bir asarida izlanish, jasorat va ichki ovoz mujassam. Bu ko‘rgazma orqali tomoshabin faqat chiroyli tasvirlarni emas, balki yangi avlodning qarashlari, kechinmalari va kelajak sari intilishlarini ko‘radi. Badiiy akademiyaning Rassomlik mahorat ustaxonasi dasturi esa bu ovozlarni yuzaga chiqaradigan kuchli badiiy maktab bo‘lib xizmat qilmoqda.