Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

 Joriy yilning 4-oktyabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashabbusi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamkorligida “Tarixiy xotira, ma’naviy va ruhiy tarbiya – Yangi O‘zbekiston poydevori” shiori ostida “1938-yil 4-oktyabr qurbonlari: Abadiyatga muhrlangan millat fidoiylari” nomli fotoko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 29-avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyoboniga tashrifi davomida ilgari surgan g‘oyalari, shuningdek, 2024-yil 19-iyuldagi PQ–270-sonli qarori asosida, har yili oktyabr oyining birinchi haftasi "Qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi" sifatida nishonlanayotgani munosabati bilan tashkil etildi.

Tarixdan ma’lumki, 1937–1938-yillardagi “Katta qirg‘in” davri O‘zbekiston tarixidagi eng fojiali sahifalardan biridir. Xususan, 1938-yil 4–16-oktyabr kunlari SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining Toshkentdagi sayyor yig‘ilishlarida 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Ulardan ko‘pchiligi — jumladan, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov, G‘ozi Olim Yunusov kabi ko‘zga ko‘ringan ziyolilar — 1938-yilning aynan 4-oktyabr sanasida qatl etilgan.

Ayni shu mudhish voqealar asosida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada, qatag‘on qurbonlarining nodir tarixiy suratlari, ularning hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi ekspozitsiyalar, shuningdek, mazmunli kartinalar va haykaltaroshlik asarlari namoyishga qo‘yilgan.

Ko‘rgazmada namoyish etilayotgan eksponatlar — Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondida saqlanayotgan, ko‘p yillik ilmiy izlanishlar va arxiv ekspeditsiyalari orqali to‘plangan, noyob tarixiy fotosuratlardir. Ularning bir qismi shaxsiy arxivlar, xorijiy va mahalliy kutubxonalar, muzeylar va arxivlardan topilgan bo‘lib, ularning har biri milliy xotiraning bebaho namunasi hisoblanadi.

Mazkur ko‘rgazmaning tashkil etilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad – 1937–1938-yillardagi siyosiy qatag‘onlar davrining tarixiy haqiqatlarini yoritish, millat fidoyilarining hayoti va faoliyatini yosh avlodga tanishtirish, ularning jasorati, vatanparvarligi va ilm-fan yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlarini e’tirof etish orqali yoshlar qalbida milliy g‘urur va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iboratdir.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan surat va eksponatlar — bu shunchaki tarixiy hujjatlar emas, balki xalqimiz boshidan kechirgan og‘riqli, ammo saboqli yo‘lning guvohlari, milliy ong va tarixiy xotiraning muhim timsollaridir. Bugungi kunda o‘zbek yoshlariga taqdim etilayotgan tinch va erkin hayot, keng imkoniyatlar va mustaqil fikrlash muhitining zaminida aynan ana shu fidoiy ajdodlar jasorati yotganini anglash nihoyatda muhimdir.

Yosh avlodni yuksak ma’naviyat, vatanparvarlik, tarixiy adolatga sadoqat ruhida tarbiyalash – Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan, bu kabi ko‘rgazmalar nafaqat o‘tmishni yodga olish, balki kelajak avlodning ma’naviy-axloqiy immunitetini shakllantirish, ularni ongli, mas’uliyatli va faol fuqarolar etib voyaga yetkazishda samarali vosita hisoblanadi.

Bugungi yoshlar tarixni chuqur bilishi, undan to‘g‘ri saboq chiqara olishi, o‘zligini anglab, mustaqil fikrlay olishi kerak. Zero, tarixni unutgan millat o‘z yo‘lini yo‘qotadi, xotirasini yo‘qotgan xalq esa o‘z kelajagini yo‘qotadi. Shunday ekan, ajdodlarimiz nomini tiklash, ularning orzularini amalga oshirish — bu avvalo, bizning tarix oldidagi burchimiz, Yangi O‘zbekiston oldidagi mas’uliyatimizdir.

Ko‘rgazma joriy yilning 13-oktabrigacha davom etadi!