27-avgust kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik bayrami munosabati bilan Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi tomonidan rassom Abdumannon Yunusovning “Bizning meros” turkumidan shaxsiy ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Ko‘rgazma rassomning o‘z ijodini ona shahri Toshkentga, uning samimiy aholisiga, fayzli va osoyishta hayot hukm surgan eski, tor va salqin ko‘chalariga, insoniy mehr-oqibat hamda o‘zbekona mehmondo‘stlik ramzi bo‘lgan hovlilariga bag‘ishlagan asarlarini bir makonda jamlagan.
Abdumannon Yunusov bugungi o‘rta avlod vakillari cheksiz sog‘inch bilan eslaydigan, yoshlar esa kitoblar yoki ota-onalar xotiralari orqali tasavvur qiladigan ko‘hna Toshkentning chinakam kuychisi sifatida e’tirof etiladi. Uning ijodida poytaxtning tarixiy qiyofasi, qadimiy mahalla va hovlilari, sokin ko‘chalari hamda o‘zbekona turmush tarzi o‘ziga xos badiiy talqinda aks etgan.
Rassomning asarlari kamer janrdagi vizual peyzaj-kompozitsiyalar bo‘lib, tomoshabindan alohida ruhiy tayyorgarlik, diqqat-e’tibor va chuqur mushohadani talab qiladi. Ularda Toshkentning kundalik hayot manzaralari orqali vaqt, xotira, makon va inson o‘rtasidagi nozik bog‘liqlik ochib beriladi.
Abdumannon Yunusov 1946-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1962–1967-yillarda Respublika rassomlik bilim yurtining rangtasvir bo‘limida, 1970–1976-yillarda esa Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutining stanokli rangtasvir bo‘limida tahsil olgan.
Toshkentning turar joy hovlilari rassom ijodining eng sevimli vizual motivlaridan biri bo‘lgan. Uning vazmin, ayni paytda polifonik — ko‘p qatlamli rangtasvir plastikasi orqali tomoshabinga o‘zgacha poklik va borliq uyg‘unligi tuyg‘usi yetkaziladi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi fondi hamda rassom oilasining shaxsiy to‘plamidan o‘rin olgan asarlar joy olgan.
Ijodkorning asarlari bugungi kunda O‘zbekiston davlat muzeylari hamda xorijdagi shaxsiy kolleksiyalarda saqlanmoqda.
Mazkur ko‘rgazma Abdumannon Yunusovning ijodiy merosini keng jamoatchilikka yana bir bor tanitish, rassomning Toshkent obrazini yaratishdagi o‘ziga xos badiiy yondashuvini namoyish etish hamda milliy tasviriy san’atimizning qimmatli namunalarini avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.