close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi (RIRM) ko‘rgazma zalida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi, taniqli grafika ustasi Anvar Mamadjonovning “Bedana yana sayradi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi o‘z faoliyatini boshladi.

Ustoz ijodkorning mazkur ko‘rgazmasi o‘zbek grafik san’atining badiiy va ma’naviy qatlamlarini chuqur ochib beruvchi asarlar majmuasidan tashkil topgan. Anvar Mamadjonovning grafik ishlari — milliy ruh, tarixiy xotira va poetik tasavvurning chiziqlardagi talqini bo‘lib, ularda qadimiy shahar manzaralari, xalqona qadriyatlar, inson ruhiyatining ichki ohanglari o‘ziga xos badiiy ifodaga ega. Rassom o‘tkir kompozitsion yechimlar, nafis chizgilar va ma’noli tasvirlar orqali tomoshabinni milliy madaniyatning ichki olamiga olib kiradi.

Anvar Mamadjonov — yurtimiz grafik san’ati taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkorlardan biri. Uning “Eski Toshkent” grafika seriyasi, kitob illyustratsiyalari, shuningdek O‘zbekiston davlat ramzlari konsepsiyasini yaratishdagi ishtiroki san’atshunoslar tomonidan yuqori baholangan. Ushbu ko‘rgazma esa ustozning badiiy tafakkuri, milliy merosga bo‘lgan muhabbati va zamonaviy grafik ifoda imkoniyatlarini yana bir bor yaqqol namoyon etadi.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ustozning asarlari bilan yaqindan tanishib, badiiy taassurotlar va ijodiy fikrlar almashdilar. Ko‘rgazma san’at ixlosmandlari uchun milliy grafika maktabining yorqin namunalarini ko‘rish hamda rassomning estetik olamiga chuqurroq nazar tashlash imkonini beradi.

Ko‘rgazma davomida zal eshiklari tomoshabinlar uchun doim ochiq bo‘lib, har bir mehmon Anvar Mamadjonov ijodidan ilhom, badiiy zavq va ma’naviy boylik olishi mumkin.