Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
19-noyabr kuni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining "Akademiya" galereyasida “Mahorat va ilhom” nomli koʻrgazma ochildi. Koʻrgazma Badiiy akademiya hamda Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) hamkorligida tashkil qilindi.
Iqtidorli yoshlar, yetakchi ijodkorlar va sanʼat ixlosmandlarini birlashtirgan holda mamlakat madaniy taraqqiyotida ahamiyatli tadbir boʻldi.
O‘zBA va TXVU o'rtasida joriy yil imzolangan hamkorlik Memorandumiga muvofiq tashkil qilingan koʻrgazmaning ochilish marosimida TXVU rektori Komiljon Karimov va Badiiy akademiya raisi Akmal Nur soʻzga chiqdi. Ular madaniy almashinuvni rivojlantirish, yoshlar ijodini ragʻbatlantirish hamda san'at va ta'lim muassasai oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlash muhimligini, bu kabi tadbirlar iqtidorli yoshlar, yetakchi ijodkorlar va sanʼat ixlosmandlarini birlashtirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Koʻrgazmaning ochilish marosimida O‘zBA tasarrufidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Dizayn maktabi Libos bo'limi o'qituvchi va o'quvchilari tomonidan milliylikka urg'u berilgan 30 ta libos namoyish qilindi. Liboslar namoyishi tadbirga yanada ko'rk bag'ishladi.
Ko‘rgazmada TXVU talabalari hamda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyorlarining ijodiy gʻoyalari va mahoratini namoyish etuvchi 80 ga yaqin rangtasvir asarlari va fotosuratlar o'rin oldi.
Ko‘rgazma yoshlarning oʻz gʻoya va qarashlarini sanʼat orqali qanday ifoda etishini ko'rsatib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Shu bilan birga, u sanʼat va taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, rivojlantirishda yana bir qadam boʻldi.