Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Joriy yilning 25-sentabr kuni Milliy madaniy markazlar pavilyonida “Bir xalq, bir yurtmiz” mavzusida fotoko‘rgazma ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilib, mamlakatimizda millatlararo totuvlik, ijtimoiy birdamlik va yagona fuqarolik ongini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda yashovchi turli millat vakillarining tinch-totuv hayoti, turmush tarzidagi rang-baranglik, madaniy meros va o‘zaro hurmat muhitini tasvirga olish orqali umummilliy birdamlik g‘oyasini yoritishdan iborat edi. Dastlabki e’lon orqali Milliy madaniy markazlar vakillari, professional va havaskor fotorassomlar ko‘rgazmada ishtirok etishga taklif etilgan bo‘lib, mazkur tashabbus keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Ko‘rgazmada 100 nafarga yaqin ishtirokchi — milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, birodar shaharlar alyansi, san’at sohasi vakillari va boshqa mehmonlar qatnashdi. Pavilyon sahnasi atrofi hamda do‘stlik uylari hududiga joylashtirilgan suratlar orqali turli millat vakillarining kundalik hayoti, urf-odatlari, ijtimoiy faoliyati, tinchlik va farovonlik sari qo‘shayotgan hissasi o‘z ifodasini topdi.
Ko‘rgazma nafaqat ijodiy ishlar namoyishi, balki ishtirokchilar uchun o‘zaro muloqot, tajriba almashish va madaniy hamkorlikni rivojlantirish maydoniga aylandi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ekspertlari tomonidan fotosuratlar professional mezonlar asosida baholab chiqildi. Yakunda umummilliy totuvlik g‘oyasini eng yorqin ifodalagan suratlar mualliflari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.