Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Joriy yilning 2-oktabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasida atoqli yog‘och o‘ymakor usta, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faxriy akademigi Ortiq Fayzullayev (1933-2023) hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Buyuk usta merosi” nomli albom-katalog taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Buyuk ustaning ijodiy faoliyati, yillar davomida yaratgan nodir asarlariga bag‘ishlangan ushbu albom-kitob Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-apreldagi №204-son qaroriga muvofiq “SAN‘AT” jurnali nashriyoti tomonidan o‘zbek va rus tillarida chop etildi. 

Muallif – sanʼatshunoslik fanlari doktori Surayyo Aliyeva.

Mazkur nashr o‘z ishini chin dildan sevgan atoqli usta, g‘amxo‘r ustoz Ortiq Fayzullayev xotirasiga cheksiz hurmat-ehtirom ramzi va yosh ustahamda rassomlar, sanʼatshunoslar uchun muhim manba bo‘lib qoladi.

Toshkent yog‘och o‘ymakorligi maktabining yorqin vakili hisoblangan buyuk ustaning ijodiy yo‘li XX asr o‘rtalari – XXI yuz yillik boshi O‘zbekiston amaliy sanʼati umumiy rivojini o‘zida aks ettiradi. Ortiq Fayzullayev o‘zining samarali ijodiy faoliyati bilan anʼanaviy yog‘och o‘ymakorligi rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi. Usto mumtoz o‘yma naqqoshlik maktabi vakili sifatida o‘zining butun hayotini o‘ymakorlik sanʼatiga bag‘ishlab, uning anʼanalarini takomillashtirishga intilib keldi.

O.Fayzullayev zamonaviy meʼmoriy majmualar va ijtimoiy ahamiyatga ega jamoat meʼmoriy inshootlariga badiiy bezatuvchi sifatida samarali faoliyat olib borib, Toshkent maktabi anʼanalari asosida biri biridan jozibador turli badiiy buyumlar yaratdi. Eng muhimi, u o‘ziga munosib izdoshlarni tarbiyalab yetishtirgan talabchan va g‘amxo‘r ustoz edi. Endilikda uning Sirojiddin Rahmatullayev, Akmal Azlarov, Qahramon Valiyev, Botir G‘aniyev singari ko‘plab shogirdlari ham ustozga aylanib, o‘z sanʼati sir-sinolarini yangi avlod vakillariga o‘rgatishmoqda.

Tadbirda atoqli yog‘och o‘ymakorning shogirdlari, izdoshlari, oila aʼzolari, sanʼatshunoslar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

So‘z olganlar Ortiq Fayzullayevning ibratli hayot va ijod yo‘li, qoldirgan buyuk merosining ahamiyati, insoniy fazilatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini  qayd etdilar.