XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi doirasida 17 nafar rassom ijodini birlashtirgan ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugun, 15-oktabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasida “Charxpalak” ko‘rgazmasi ochildi. O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan ekspozitsiya zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atining turli badiiy yo‘nalishlari, ijodiy izlanishlari va rassomlarning individual qarashlarini namoyish etadi.
Bir ekspozitsiyada jamlangan 17 nafar rassom — voqelikka 17 xil badiiy nigoh demakdir. Har bir ijodkor o‘z mavzusi, tasviriy ifoda vositalari va individual uslubi orqali tomoshabinni turlicha mushohadaga chorlaydi. Ularning asarlari birgalikda zamonaviy o‘zbek san’atining rang-barangligini ochib berib, milliy badiiy tafakkurning yagona qolip bilan cheklanmasligini namoyon etadi.
“Charxpalak” nomi hayotning uzluksiz harakati, vaqt davomiyligi va yangilanish ramzlarini yodga soladi. Bu timsol san’atning o‘ziga hamohang: har bir davr avvalgi tajribaga tayanadi, biroq uni yangi qarashlar, yangi savollar va o‘ziga xos ijodiy yechimlar bilan boyitadi.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazma milliy madaniyatning davomiyligi va bugungi ijodiy jarayonlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglash uchun imkon yaratadi. Zamonaviy rassomlarning asarlarida milliy o‘zlik, inson va jamiyat, tarixiy xotira hamda o‘zgarayotgan dunyoga munosabat kabi mavzular turlicha badiiy talqin topishi mumkin. Aynan shu rang-baranglik tomoshabinga san’atni nafaqat kuzatish, balki u bilan fikran muloqot qilish imkonini beradi.
Ko‘rgazmaning XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi doirasida tashkil etilishi ham alohida ahamiyatga ega. Xalqaro badiiy muloqot maydonida milliy san’atni namoyish etish rassomlar ijodini kengroq kontekstda anglash, turli madaniy tajribalar bilan tanishish va zamonaviy o‘zbek tasviriy san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.
Ko'rgazmaga asarlari qo'yilgan rassomlar:
Abdullayeva Shaxnoz
Abdumalikov Shuxrat
Apuxtin Viktor
Ahmadaliyev Fayzullaxon, akademik
Ibragimov Lekim, akademik
Isayev Asliddin, akademik
Djalolov Bahodir, akademik
Ismailov Babur, xalq rassomi
Kagarov Medat, xalq rassomi
Nuridinov Akmal , akademik
Karabayev Мurad
Kadirov Gafur, akademik
Sadikov Marat, akademik
Tyurin Аleksandr
Umarbekov Djavlon, akademik
Usmanov Djamol, akademik
Xolmatov Niyozali, akademik