Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
2025-yil 28-iyul kuni, Toshkent fotosuratlar uyida “Do‘stlik” festivali doirasida “Do‘stlik nigohi” nomli qardosh xalqlar fotosuratlari ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekistonda millatlararo totuvlik, do‘stlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi dolzarb madaniy-ma’rifiy tashabbus sifatida e’tirof etildi.
BMT Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq, 30-iyul — Xalqaro do‘stlik kuni sifatida butun dunyoda keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan yurtimizda 2025-yil 25–31-iyul kunlari “Do‘stlik” festivali o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazma ushbu xalqaro sanani munosib nishonlash yo‘lidagi muhim badiiy ifodalardan biridir.
Ko‘rgazmada Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, milliy madaniy markazlar hamda do‘stlik jamiyatlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirlarda olingan 100 dan ortiq fotosuratlar namoyish etildi. Unda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan turli millat vakillarining turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati va qadriyatlari badiiy ifoda topgan.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur o‘z nutqida “Do‘stlik” festivali va ushbu ko‘rgazmaning san’at va jamiyat hayotidagi o‘rni haqida alohida to‘xtalib, quyidagilarni ta’kidladi:
“Markaziy Osiyoning markazida joylashgan jonajon O‘zbekistonimiz — bu qadimiy sivilizatsiyalar chorrahasi, bag‘rikenglik va totuvlik timsoli bo‘lmish diyor. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari yagona jamiyatda, yagona orzu va qadriyatlar atrofida ahil-inoq hayot kechirmoqda. Ana shu totuvlikning badiiy aksini san’at tilida ifodalash, uni vizual mushohada orqali xalqqa yetkazish — zamonaviy estetik tarbiyaning muhim yo‘nalishidir. Mazkur ko‘rgazma shunchaki fotosuratlar majmuasi emas, balki xalqimiz qalbidagi o‘zaro hurmat, mehr, bag‘rikenglik va do‘stlik tuyg‘ularining badiiy timsolidir.”
Ko‘rgazma nafaqat san’atning estetik vositasi sifatida, balki jamiyatda millatlararo hamjihatlik, do‘stlik va insoniylik fazilatlarini tarannum etuvchi platforma sifatida katta ahamiyat kasb etadi. Bu kabi tashabbuslar orqali yosh avlodni Vatanga sadoqat, insonparvarlik va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, xorijiy davlatlar bilan madaniy-ma’rifiy va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilinmoqda.