close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

7-sentabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Badiiy akademiya akademigi, professor, ustoz haykaltarosh Ilhom Jabborov bilan uchrashdi.

Ilhom Jabborov — o‘zbek haykaltaroshlik san’atining yirik namoyandalaridan biri, milliy monumental haykaltaroshlik maktabining rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ulkan ijodkor. Ustoz yaratgan asarlarida xalqimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari, buyuk ajdodlarimiz siymosi va Vatanga muhabbat g‘oyalari o‘zining yuksak badiiy ifodasini topgan.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasida o'tgan uchrashuvda mamlakatimizda haykaltaroshlik san'atini rivojlantirish va milliy maktab hamda ustoz-shogird an’analarini davom ettirish, shu barobarda, yosh haykaltaroshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yuzasidan fikr almashildi.


Suhbatda zamonaviy haykaltaroshlikning bugungi holati va istiqbollari, monumental san’atning shahar va jamoat muhitidagi o‘rni, tarixiy siymolarni zamonaviy badiiy tafakkur asosida talqin etish, shuningdek, yosh haykaltaroshlarning kasbiy va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Akademiya raisi Akmal Nur tasviriy san san’atning ushbu yo'nalishini rivojlantirish, soha vakillarini, ayniqsa, yosh haykaltaroshlarning ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash Badiiy akademiyaning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-apreldagi PQ-4688-son qarori asosida O'zBA huzurida faoliyat yuritayotgan Rassomlik mahorat ustaxonasida haykaltaroshlik yo‘nalishini ham kengaytirish, kelajakda o‘z ijodiy maktabiga ega bo‘ladigan yangi avlod haykaltaroshlarini tarbiyalashga qaratilgan sa'y-harakatlar xususida so‘z yuritildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-iyuldagi PQ-212-son “Tasviriy va amaliy san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar bilan hamohangdir. Mazkur qarorda yosh ijodkorlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish kabi muhim vazifalar belgilangan.

Akademiya raisi ushbu yangi imkoniyatlardan haykaltaroshlik sohasi vakillari ham samarali foydalanishi zarurligiga alohida urg‘u berdi. Xususan, Yosh rassomlar markazida tashkil etiladigan ijodiy ustaxonalarda yosh haykaltaroshlarning ham ijodiy faoliyat olib borishi, o‘z ustida ishlashi va professional mahoratini rivojlantirishi uchun munosib sharoit yaratish borasida tegishli ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, PQ-212-son qarorida nazarda tutilgan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning malakasini oshirish va xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish imkoniyatlari haykaltaroshlik sohasi uchun ham muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Samimiy va qizg'in ruhda o'tgan uchrashuvda Ilhom Jabborov ham haykaltaroshlik sohasida to‘plangan boy tajriba, bugungi ijodiy jarayonlar va yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashning ahamiyati yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdi.