close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

3-sentabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida O‘zbekistonlik rassom, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, UNESCO huzuridagi Xalqaro tasviriy san’at assotsiatsiyasi (IAA) a’zosi Nodir Bobomurodovning “Ikki el — bir makon” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimi “Kok Tobe Art Gallery” (“Koktobe Hall”) art-makonida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonning san’at va madaniyat sohasi vakillari, ijodkorlar, san’atshunoslar hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.

Ekspozitsiyadan rassomning so‘nggi to‘rt yil davomida yaratgan qariyb 50 ta rangtasvir asari o‘rin olgan. Ularda Nodir Bobomurodovning ijodiy izlanishlari, realistik rangtasvir an’analariga sodiqligi, rang va yorug‘lik bilan ishlash mahorati, makon va kompozitsiyani chuqur his etishi namoyon bo‘ladi.

Ko‘rgazmaning “Ikki el — bir makon” deb nomlanishi tasodifiy emas. Uning markazida O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlarini asrlar davomida birlashtirib kelgan mushtarak tarix, madaniy yaqinlik, ma’naviy qadriyatlar, milliy an’analar va do‘stlik g‘oyasi mujassam.

Rassom ikki mamlakatni alohida makon sifatida emas, balki umumiy tarixiy-madaniy va ma’naviy makonning yaxlit manzarasi sifatida talqin qiladi. Uning kartinalarida keng dashtlar va mahobatli tog‘lar, qadimiy shaharlar va tarixiy maskanlar, milliy an’analar hamda kundalik hayot manzaralari uyg‘unlashib, yagona badiiy olamni hosil qiladi.

Nodir Bobomurodov ijodining o‘ziga xos jihatlaridan biri — makon chuqurligi, yorug‘lik va soya dinamikasi, ranglarning nozik uyg‘unligi hamda tabiat holatini teran his etish orqali kartinaga jon bag‘ishlashidir. Uning asarlarida tabiat shunchaki manzara emas, balki inson, tarix va madaniyat bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tirik badiiy muhit sifatida namoyon bo‘ladi.

Rassom ijodida O‘zbekiston va Qozog‘iston tabiati alohida o‘rin tutadi. O‘zbekistonga bag‘ishlangan asarlarda Chorvoq suv ombori, Chirchiq daryosi, Chimgan tog‘lari, Qozog‘iston mavzusidagi kartinalarda esa Ile Olatovi, Chorin darasi, Bayanaul, Burabay hamda Olmaota va uning atrofidagi manzaralar o‘z ifodasini topgan.

Rassomning peyzaj asarlarida O‘rol Tansiqboyev an’analari bilan ijodiy mushtaraklik ham kuzatiladi. Makonning kengligi, tog‘ va dashtlarning salobati, yorug‘lik hamda rangning o‘zaro munosabati bu yaqinlikni namoyon etadi.

Nodir Bobomurodovning ijodiy faoliyati O‘zbekiston bilan cheklanib qolmaydi. Rassom respublika va xalqaro miqyosdagi ko‘rgazmalar, tanlovlar hamda xalqaro plein-airlarda faol ishtirok etib kelgan. Uning asarlari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Shimoliy Kipr va Ozarbayjonda o‘tkazilgan ko‘rgazma va xalqaro san’at loyihalarida namoyish etilgan.

Ko‘rgazmaning ochilish marosimida ta’kidlanganidek, “Ikki el — bir makon” nafaqat rassomning so‘nggi yillardagi ijodiy izlanishlarini namoyish etuvchi ekspozitsiya, balki ikki qardosh xalqning tarixiy va madaniy yaqinligini tasviriy san’at vositasida ifodalovchi muhim madaniy loyihadir.

Tadbir davomida rassomning ijodiy faoliyati, badiiy tafakkuri va zamonaviy tasviriy san’atdagi o‘rni haqida fikr almashildi. Mehmonlar Nodir Bobomurodovning milliy ruhni zamonaviy badiiy ifoda vositalari bilan uyg‘unlashtirish mahoratiga yuqori baho berdilar.

“Ikki el — bir makon” ko‘rgazmasi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, ikki mamlakat ijodkorlari o‘rtasida tajriba almashish va milliy tasviriy san’at namunalarini xalqaro auditoriyaga taqdim etish uchun muhim ijodiy maydon bo‘lib xizmat qildi.

San’at tilida ifodalangan ushbu mushtarak makon ikki xalqni umumiy tarix va qadriyatlar bilan bir qatorda, zamonaviy ijod va madaniy muloqot orqali ham birlashtirib turishini namoyon etdi.