Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida yosh ijodkorlarning rang-barang asarlarini jamlagan “Istiqlol farzandlari – Namangan iste’dodlari” nomli ko‘rgazma ochildi.
📅 2026-yil 25-avgust kuni bo‘lib o‘tgan ko‘rgazma ochilish marosimida san’at va madaniyat sohasi vakillari, ijodkorlar hamda san’at ixlosmandlari ishtirok etdi.
Ekspozitsiyadan ijodiy yo‘li mamlakatimiz mustaqilligi davri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yosh namanganlik rassomlarning 70 dan ziyod ijodiy ishlari o‘rin olgan. Asarlar miniatyura, naqsh va xattotlik yo‘nalishlarida yaratilgan bo‘lib, ularda milliy san’atimizning an’anaviy uslublari zamonaviy ijodiy izlanishlar bilan uyg‘unlashgan.
Ko‘rgazma ochilishida so‘zga chiqqan soha vakillari namoyish etilayotgan asarlar zamonaviy O‘zbekiston miniatyura san’atidagi yangilanish va izlanishlarni aks ettirayotganini ta’kidladilar. Yosh ijodkorlarning individual uslubi, badiiy tafakkuri va milliy san’at an’analariga bo‘lgan munosabati alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, namanganlik yosh rassomlarning ijodiy salohiyati tobora yuksalib, o‘ziga xos Namangan badiiy maktabi shakllanib borayotgani qayd etildi. Tadbir davomida yosh rassomlarning ijodiy izlanishlari, milliy san’atimiz rivojiga qo‘shayotgan hissasi va kasbiy mahorati yuksak baholandi.
“Istiqlol farzandlari – Namangan iste’dodlari” ko‘rgazmasi yosh avlodning ijodiy salohiyatini namoyon etishi, milliy san’atimizning boy an’analarini davom ettirishi va zamonaviy badiiy tafakkurni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga munosib ma’naviy-badiiy tuhfa bo‘ldi.