close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

3-avgust kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Anjumanlar zalida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi g‘oliblariga  mazkur stipendiya guvohnomasini topshirish  marosimi bo‘lib o‘tdi.

✅ Mamlakatimizda isteʼdodli yoshlar, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ular erishayotgan yutuqlarni rag‘batlantirish va munosib taqdirlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun alohida davlat stipendiyalari tayinlanayapti.
💾O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21- aprelda qabul qilingan “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorida oliy taʼlim muassasalarida tasviriy va amaliy sanʼat hamda dizayn yo‘nalishida taʼlim olayotgan iqtidorli va ijodkor talabalarni moddiy va maʼnaviy munosib qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini taʼsis etish vazifasi belgilandi.

✅Mazkur qaror ijrosi doirasida Vazirlar Mahkamasining  2020-yil 6-noyabrda qabul qilingan “Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasini taʼsis etish to‘g‘risida” 691-son qarori bilan “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini tayinlash tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.

Stipendiya tayinlashda talabgorning oliy taʼlim muassasasidagi tahsil davrida viloyat, respublika va xalqaro miqyosdagi shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etganligi, soha bo‘yicha xalqaro va respublika darajasidagi ko‘rgazma, biyennale, festival, simpozium, tanlov va boshqa nufuzli tadbirlardagi ishtiroki va natijalarga erishganligi, o‘quv jarayonida mutaxassislik fanlarini aʼlo baholarga o‘zlashtirganligi, o‘zbek milliy sanʼatini targ‘ib qilishga qo‘shgan hissasi inobatga olinadi.

Joriy 2026-yilda oltinchi bor O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining iqtidorli va ijodkor talabalari uchun Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi tanlovi o‘tkazildi.
 
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tuzilgan Ekspert guruhining qaroriga asosan 7 nafar iqtidorli talaba tegishli taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur ishtirok etdi va talabalarga ushbu davlat stipendiyasi guvohnomasini topshirdi.
 
Notiq taʼkidlaganidek, o‘zbek tasviriy va amaliy sanʼati, dizayn yo‘nalishida ko‘plab yosh isteʼdod egalari nom chiqarib, sanʼat maydonida munosib o‘rin egallashga, ko‘rgazmalar bilan  milliy sanʼatimiz yutuqlarini tanitishga intilayotgani quvonchli holdir. Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi isteʼdodli yoshlarning milliy va umuminsoniy qadriyatlarni tarannum etuvchi yorqin asarlar yaratish, o‘zbek tasviriy sanʼatini izchil rivojlantirish faoliyatiga yana bir katta rag‘bat bo‘ladi.

Tadbir yakunida Kamoliddin Behzod stipendiyasi sohib va sohibalari ularga tarbiya bergan ota-onalariga, ta’lim berayotgan barcha ustozlariga, talabalarni har tomonlama qо‘llab-quvvatlayotgan institut rahbariyati va Badiiy akademiya mas'ullariga о‘z minnatdorliklarini bildirishdi.

2026-YILGI KAMOLIDDIN BEHZOD NOMIDAGI DAVLAT STIPENDIYASI G‘OLIBLARI :
1.
 Po‘latov Sherali Alisher o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, Dastgohli rangtasvir;
2Yusupova Obidaxon Olimjon qizi – Andijon davlat pedagogika instituti 3-kurs talabasi,
Rangtasvir (turlari bо‘yicha);
3. In’omova Xosiyatxon Avazxon qizi – Qo‘qon davlat universiteti 2-kurs talabasi,
Grafika va miniatyura;
4. Jumaniyazova Feruza Janabayevna – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi,
Haykaltaroshlik (turlari bо‘yicha);
5. Olimjonova Farangiz Ma’rufboy qizi – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi,
Amaliy san’at (turlari bо‘yicha);
6. Amaniyazova Mexrigul Salamatovna – Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti 3-kurs talabasi,
Dizayn (turlari bо‘yicha);
7. Bekberganov Javohir Erkinboy o‘g‘li – Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi, San’atshunoslik va muzeyshunoslik (turlari bо‘yicha);