Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 1-avgust kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

✏️ Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” 2024-yil 27-dekabrdagi PQ–462-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamkorligida tashkil etildi.

🖼 O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan 2025-yil fevral oyida “Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy san’at asarlarini yaratish” mavzusida ijodiy tanlov e’lon qilingan edi. Mazkur ko‘rgazma tanlovga taqdim etilgan san’at asarlaridan tashkil etildi.

Tanlovning bosh g‘oyasimilliy uyg‘onish tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy siymosi va jadidlik harakati fidoyilarining ma’naviy merosini tasviriy san’at vositasida ifodalash, ma’rifat, tafakkur va erkinlik g‘oyalarini zamonaviy badiiy tilda qayta talqin qilishdan iborat.

🎗 Ko‘rgazmada, tanlov doirasida 16 dan ortiq taniqli ijodkorlar tomonidan yaratilgan 40 dan ziyod tasviriy san’at asari hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondidan olib kelingan 7 ta noyob asar keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Ushbu asarlar oddiy badiiy obrazlar emas, balki o‘zbek xalqining tarixiy taqdiri, qalb kechinmalari va ozodlik sari intilishlarini o‘zida teran ifoda etgan milliy-ma’naviy meros hujjatlaridir.

Har bir asarda Mahmudxo‘ja Behbudiy siymosi orqali milliy uyg‘onish, xalq tafakkurining yuksalishi, o‘zlikni anglash va tarixiy haqiqatni san’at tilida qayta kashf etishga bo‘lgan ichki ehtiyoj jonli, ta’sirchan va yorqin tarzda mujassam etilgan.

✔️ Mahmudxo‘ja Behbudiyxalq ongini uyg‘otish, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, adabiyot, matbuot va san’at sohalarini yuksaltirishdek ezgu maqsadga butun umrini bag‘ishlagan ulug‘ ma’rifatparvar, jadidlik tafakkurining timsollaridan biridir.

Uning ma’naviy merosiso‘z erkinligi, tafakkur mustaqilligi, zamonaviy taraqqiyot va milliy qadriyatlar uyg‘unligiga asoslangan tarixiy harakat bo‘lib, bugungi tanlov va ko‘rgazma aynan shu ruhiyatni badiiy obraz va estetik ifoda orqali jonlantirishga xizmat qiladi.

Behbudiy siymosioddiy tarixiy shaxs emas, balki tafakkurda yashovchi g‘oya, yuraklarda jo bo‘lgan maslak, ma’rifat va uyg‘onishning ramziga aylangan jasoratli timsoldir.

U yuritgan jadidlik harakatimilliy o‘zlikni anglash, ijtimoiy adolat, ozod fikr va taraqqiyot sari yo‘naltirilgan madaniy uyg‘onishning musaffo ifodasidir.

Tanlov doirasida yaratilgan har bir asar ana shu ruhiy merosni badiiy tilda talqin etgan, san’at orqali milliy tafakkurni yoritgan, tarix bilan bugunni, o‘tmish bilan ertani bog‘lovchi badiiy-ma’naviy ko‘prikka aylangani bilan ahamiyatlidir.

❗️ Tanlov yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi tomonidan barcha taqdim etilgan asarlar san’atshunoslik mezonlari asosida baholanadi; tasviriy ifoda madaniyati, tarixiy mavzuni badiiy yechish darajasi hamda konseptual yondashuvga ko‘ra yuqori badiiy qiymatga ega deb topilgan asarlar Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondiga xarid qilinishi belgilangan.

Bu jarayon ijodkorlar mehnatini e’tirof etish, tarixiy mavzularni zamonaviy san’at vositasida yoritishni rag‘batlantirish va madaniy xotirani asrashda muhim qadam hisoblanadi.

Tanlov esa badiiy tafakkur orqali milliy ongni yuksaltirish yo‘lida san’atning nechog‘li ta’sirchan vosita ekanini yana bir bor isbotladi.