Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
2025-yil 23-sentabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi va Kvanju-Jonnam taraqqiyot kengashi hamkorligida Mudeung san’at ko‘rgazmasi “Ipak yo‘lini qidirishda” loyihasi doirasida “Markaziy Osiyoning yuragi Toshkentga taklif” nomli xalqaro ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Ko‘rgazma doirasida Koreyaning turli shaharlaridan tashrif buyurgan 49 nafar rassomning 49 ta noyob asari namoyish etildi. Har bir ijodiy ish o‘zida muallifning individual qarashlarini, ichki kechinmalarini, zamonaviy san’atga bo‘lgan munosabatini va milliy madaniyat bilan uyg‘unlashgan badiiy talqinini mujassam etgan. Asarlar orqali Koreya san’atidagi zamonaviy tendensiyalar, abstrakt va an’anaviy uslublarning uyg‘unligi, shuningdek, san’atkorlarning jamiyat, inson va tabiat haqidagi mushohadalari yaqqol namoyon bo‘ldi.
San’at asarlarining barchasi o‘zining chuqur falsafiy ma’nosi, ranglar uyg‘unligi va tasviriy tilining boyligi bilan ajralib turadi. Tomoshabinlar ko‘rgazma davomida tasviriy san’atning turfa yo‘nalishlari, jumladan, realistik, ekspressionistik, konseptual va abstrakt janrlarda yaratilgan ijodiy ishlarga guvoh bo‘lishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mehmonlar va mutasaddilar O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi madaniy hamkorlik yildan yilga kengayib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tishdi:
San’at til, din, irq, millat kabi chegaralarni bilmaydigan umuminsoniy hodisa sifatida xalqlarni birlashtirishda beqiyos vositadir. Xususan, ana shunday ko‘rgazmalar madaniy almashinuvni chuqurlashtiradi, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va anglashuvni kuchaytiradi.
Ushbu ko‘rgazma nafaqat Koreya va O‘zbekiston san’atkorlari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni, balki umumiy tarixiy, madaniy ildizlarga ega bo‘lgan xalqlarning zamonaviy davrdagi do‘stlik va birdamligini aks ettirdi. Bunday tashabbuslar orqali O‘zbekiston nafaqat o‘zining boy madaniy merosini dunyoga tanitmoqda, balki boshqa xalqlarning san’atiga ham ochiq ekanini, madaniy dialogga tayyorligini namoyish qilmoqda.
San’at — bu yurakdan yurakka yo‘l topadigan sokin, ammo qudratli til. Bu ko‘rgazma esa ana shu til orqali xalqlar o‘rtasida madaniy ko‘priklar qurishda muhim qadamlardan biri bo‘lib qoldi.