close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

 Bugun, 17-sentabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama nomidagi Xalqaro madaniyat karvonsaroyida rassom Nilufar Xidoyatovaning Botir Zokirov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan “Arab tangosi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

 Ko‘rgazmada rassomning turli yillarda yaratgan 50 dan ortiq rangtasvir va grafika asarlari jamlangan. Ekspozitsiyaning asosiy qismini Botir Zokirov siymosiga bag‘ishlangan asarlar tashkil etadi. Bu holat tasodifiy emas: Nilufar Xidoyatova ko‘p yillardan buyon o‘z ijodida o‘zbek san’ati va estrada madaniyatining yorqin namoyandasi bo‘lgan Botir Zokirov obraziga murojaat qilib keladi.

 Rassom talqinidagi Botir Zokirov birgina portret qahramoni sifatida emas, balki uning ijodiy dunyosini tashkil etgan musiqa, sahna, Sharqona ohang va obrazlar olami bilan bog‘liq timsol sifatida namoyon bo‘ladi. Turli davrlarda yaratilgan portretlarda xonandaning qiyofasi, sahnadagi obrazi va rassom tasavvuridagi turli holatlari aks etgan.

Ko‘rgazmaning “Arab tangosi” deb nomlanishi ham bevosita Botir Zokirov ijodi bilan bog‘liq. Ekspozitsiyada xonanda obrazlari bilan bir qatorda Sharq va Hind madaniyatiga xos obrazlar, ayol siymolari, dekorativ kompozitsiyalar ham uchraydi. Shu tariqa rassom Botir Zokirov ijodida muhim o‘rin tutgan turli madaniy va musiqiy ohanglarni tasviriy san’at vositalari orqali ifodalashga intiladi.

 Nilufar Xidoyatovaning ijodiy yo‘nalishida rangtasvir va grafika bilan bir qatorda vokal san’ati ham alohida o‘rin egallaydi. Rassomning o‘zi ham qo‘shiqchilik bilan shug‘ullanishi uning ikki san’at turi — musiqa va tasviriy san’at o‘rtasidagi bog‘liqlikka bo‘lgan qiziqishini belgilaydi. Uning ijodiy qarashlarida rang va musiqa bir-birini to‘ldiruvchi, insonda go‘zallik va ma’naviy kechinma uyg‘otuvchi ikki badiiy ifoda vositasi sifatida qaraladi.

 Rassomning Botir Zokirov ijodiga bo‘lgan e’tibori avvalgi yillardagi ishlarida ham o‘z aksini topgan. Xususan, 2021-yilda Toshkent shahar Madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Milliy san’atimizning fidoyisi” nomli tasviriy san’at ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, Gran-pri bilan taqdirlangan.

 “Arab tangosi” ko‘rgazmasi rassomning rangtasvir va grafika sohasidagi izlanishlari, shuningdek, musiqa bilan chambarchas bog‘liq ijodiy qarashlarini bir ekspozitsiyada namoyon etadi. Unda rassom uchun alohida ahamiyat kasb etuvchi Botir Zokirov siymosi turli obraz va kompozitsiyalar orqali qayta talqin qilinadi.

 Ko‘rgazma 27-sentabrga qadar davom etadi.