Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

24-oktabr kuni O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasida Samarqand rassomlik maktabining yosh vakillari — Nuriddin Isayev va Axmad Isoyevning birgalikdagi “Yurak urishi (Pulse)” nomli ko‘rgazmasi ochildi.

Ekspozitsiyada har ikki ijodkorning 30 ga yaqin yangi asarlari o‘rin olgan. Ko‘rgazma zamonaviy rassomlarning rang, shakl va hislar uyg‘unligi orqali inson qalbini ifodalashga bo‘lgan izlanishlarini mujassam etadi.

Nuriddin Isayev ijodida sharqona ritm, rang va yorug‘likning nafis uyg‘unligi orqali xotira, vaqt va inson ruhiyatining nozik qatlamlari badiiy talqin etiladi. U rangga bo‘lgan sezgirlik, falsafiy mushohada va ichki dunyoni ifodalashdagi chuqurlik bilan ajralib turadi. Uning asarlarida o‘tmish va hozirgi zamon o‘rtasidagi dialog, metaforik makon, sharqona simvolizm va emotsional ohang mujassamdir.

Axmad Isoyev esa abstraksiya, shakl erkinligi va rangning hissiy energiyasi orqali inson his-tuyg‘ulari, ruhiy holat va tabiat uyg‘unligini o‘ziga xos tarzda ifodalaydi. Uning asarlarida metafizik ohang, yorug‘lik va soyaning dinamik ifodasi, shuningdek ranglarning psixologik kuchi seziladi — bu jihatlar rassomning zamonaviy tasviriy san’atda inson ichki olamini badiiy tahlil qilishga intilayotgan ijodiy yo‘nalishini belgilaydi.

 Tadbirda ijodkorlarning O‘zbekiston tasviriy san’atini rivojlantirish va keng targ‘ib etishga qo‘shgan salmoqli hissasi e’tirof etildi.

🏅 O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur Nuriddin Isayevni Badiiy akademiyaning oltin medali bilan,
🏅 O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisi Ibrohim Valixodjayev esa Axmad Isoyevni Badiiy ijodkorlar uyushmasining oltin medali bilan taqdirladi.