Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston xalq rassomi, akademik O‘rol Tansiqboyev uy-muzeyida "Buyuk musavvir" deb nomlangan badiiy ko‘rgazma ochildi. Rassom tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan ushbu ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Madaniy meros agentligi hamda ushbu uy-muzey hamkorligida tashkil etildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nur, Madaniy meros agentligi xodimasi, sanʼatshunos Dilobar Mirxusanova, O‘rol Tansiqboyev nomidagi uy-muzey direktori Farhod Jalilov hamda boshqalar milliy tasviriy sanʼatimiz ravnaqida ustoz ijodkor, mohir mo‘yqalam sohibining munosib hissasi borligini eʼtirof etishdi.
Ushbu ko‘rgazmada rassomning 30 ga yaqin rangtasvir asarlari namoyish etilmoqda. Ular orasida atoqli rassomning "O‘zbekistonda mart", "O‘sh shahri chekkasi", "Balandlikdagi yaylov", "Dasht kengliklari", ""Yong‘oq. Xumson", "Angren daryosi", "“Xumsonda”,“,Cho‘pon”,"Orol dengizi", "Bekobodga yo‘l", "Dasht ovulida“,”Bahorgi ish" singari go‘zal kartinalarini ko‘rish mumkin.
O‘rol Tansiqboyev o‘zining ijodiy izlanishlari bilan o‘zbek manzarashunoslik sanʼatini beqiyos rivojlantirgan , plener etyudi doirasidan chetlashib, manzara-kartinasini yaratgan rassom hisoblanadi. Rassom ishlagan yurtning betakror manzaralari tomoshabinga o‘zgacha kayfiyat va ruh bag‘ishlaydi.