O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy aʼzosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Kamola Akilova Boku shahrida Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Arxitektura va sanʼat instituti tashkil topganining 80 yilligiga bag‘ishlab tashkil qilingan tadbirlarda ishtirok etdi.
Mazkur sana munosabati bilan Ozarbayjon MFA Arxitektura va sanʼat institutida bo‘lib o‘tgan ilmiy anjumanda professor Kamola Akilova "O‘zbekiston zamonaviy sanʼatshunosligidagi dolzarb muammolar (Islom sivilizatsiyasi markazi asosida)" mavzusida maʼruza qildi.
Ozarbayjonlik taniqli sanʼatshunos, professor Ertegin Salamzade O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy aʼzosi bo‘ldi.
Unga faxriy aʼzolik diplomi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur tabrigini sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor, akademigimiz Kamola Akilova tantanali topshirdi.
Professor Ertegin Abdul Vahob o‘g‘li Salamzade sanʼat tarixi, nazariyasi va metodologiyasi, shuningdek, turkiy madaniyat tasviriy tili muammolariga bag‘ishlangan 280 dan ortiq ilmiy maqola va ishlar muallifi bo‘lib, ular dunyoning 20 ga yaqin nufuzli shaharlari, jumladan, Toshkentda ham chop etilgan.
Janob Ertegin Salamzade O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tashabbusi bilan Toshkentda o‘tkaziladigan xalqaro biyennalelar, ilmiy anjumanlarning faol ishtirokchisi sifatida o‘zbek tasviriy sanʼati tarixi va bugungi rivojiga oid qimmatli maʼruzalar qilgan.
Shu o‘rinda taʼkidlash kerak, joriy yil muhim sana - Respublikaning oliy ilmiy muassasasi bo‘lgan Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Arxitektura va sanʼat institutining 80 yilligi nishonlandi. Ertegin Salamzade Institutga 2010 yildan buyon direktorlik qilib kelmoqda. Ozarbayjon rassomlar uyushmasi, Ozarbayjon arxitektorlar uyushmasi a'zosi.
Mazkur oliygoh hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga qarashli Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti o‘rtasida imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumga asosan turli loyihalar - ilmiy-amaliy konferensiyalar, ilmiy izlanishlar amalga oshirilib, o‘zbek va ozar tasviriy va amaliy sanʼat namoyandalarining ijodiy ko‘rgazmalari tashkil qilinayapti.