Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 14-may kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida o‘zbek va xitoy rassomlari ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Ko‘rgazmada ikki mamlakat rassomlarining 40 ga yaqin rangtasvir asarlari taqdim etildi.

Sanʼat chegara bilmas, deyishadi. Darhaqiqat, bu ibora O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tasviriy sanʼat aloqalarida o‘z tasdig‘ini topgan. So‘nggi yillarda o‘zbek va xitoy rassomlari o‘rtasida ijodiy muloqot izchil rivojlanib bormoqda.

O‘zbekiston va Xitoy badiiy akademiyasi birgalikda  tasviriy sanʼat sohasidagi munosabatlarni yana-da mustahkamlash maqsadida turli loyihalarni amalga oshirib kelayapti. Bu o‘z navbatida xalqlarimizni milliy sanʼatimiz, madaniyatimiz bilan tanitishga katta xizmat qilayapti. Birgina o‘tgan 2024 yilda Pekin shahridagi Xitoy milliy sanʼat va hunarmandchilik muzeyida O‘zbekiston tasviriy va xalq amaliy sanʼati ko‘rgazmasi tashkil etilib, taniqli o‘zbek rassomlarining 50 dan ziyod rangtasvir asarlari namoyish qilindi.  Bundan tashqari o‘tgan yilning iyul oyida Xanchjouda Xitoy va O‘zbekiston rassomlarining “Bir buyuk makon, bir farovon yo‘l” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Shu bilan birga Xitoy xalqaro madaniy almashinuv markazining Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlatlari o‘rtasida madaniy almashinuvni yana-da rivojlantirishga qaratilgan loyihalarida o‘zbek rassomlari faol qatnashib, o‘z asarlari bilan xitoy xalqini bahramand etib  kelmoqda. Bugun esa Toshkentda, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining sanʼat galereyasida bunday ishlarning davomi sifatida yana bir o‘zbek-xitoy rassomlari ko‘rgazmasida tashkil qilindi.

Ushbu ko‘rgazmada Xitoyning Tao Vensze, Szyan Yue, Sun Xayfen, Dun Venyun, Yan Szyansin singari taniqli 5 nafar mo‘yqalam ustalari (25 ta asar) barobarida, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasida saboq olayotgan Shohrux Qosimov, Izzat Yuldashev, Umidjon Alimov, Jahongir Abdullayev, Bobur Vahobjonov, Timur Lashenov, Zuhriddin Qiyomov, Mirvohid Mirsaidov kabi (14 ta asar) isteʼdodli, kelajagi porloq yosh rassomlarimiz asarlari ham o‘rin oldi.

Bu ko‘rgazma o‘zbek tomoshabinlari, sanʼat muxlislari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi. Xalqimiz chin yurtining zamonaviy rassomlari ijodi bilan yaqindan tanishish uchun yana bir imkonga ega bo‘lishdi.