Bugun, 9-yanvar kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida
“O‘zbekiston grafikasi: kecha va bugun” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston san’ati va madaniyati jadal suratlarda rivojlanib, ko‘plab sohalarda yangilanish va regeneratsiya jarayonlari kuzatilmoqda.
So‘nggi yillarda milliy grafika sohasida ro‘y berayotgan sezilarli siljishlar va yangilanishlar e’tiborga molik. Jumladan, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilayotgan grafika ko‘rgazmalari ushbu san’at turiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotganini, ijodkorlar soni ko‘payganini hamda grafikaning umumiy rivojini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston zamonaviy grafikasi bir asrlik tarixga ega bo‘lib, XX asr boshlaridan shakllanib kelgan badiiy an’analar uning evolyutsiyasini belgilab berdi. Bu jarayonda MDH mamlakatlari rassomlarining bosma va dastgohli grafika sohasidagi hissasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, milliy rassomlar — M. Kagarov, Q. Basharov, M. Sodiqov, A. Li va boshqalarning ijodiy hissasi alohida e’tirof etiladi.
“O‘zbekiston grafikasi: kecha va bugun” ko‘rgazmasi tomoshabinlarni dastgohli va bosma grafikaning so‘nggi 40 yillik davri bilan tanishtiradi hamda bir necha yirik rassomlar ijodini qamrab oladi.
Ekspozitsiya Ikuo Xirayama Xalqaro karvon-saroyining kichik ko‘rgazmalar zalida joylashgan bo‘lib, unda 50 ga yaqin estamp (bosma grafika) asarlari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmadan joy olgan asarlar mualliflari O‘zbekiston grafikasi rivojiga katta hissa qo‘shgan ustalar — M. Kagarov, Q. Basharov, M. Sodiqov, I. Vahitov, A. Li, G. Li, L. Davats, G‘. Boymatov hamda hozirda Moskvada yashab ijod qilayotgan N. Pakdir. Ushbu asarlar Nikolay Pakning shaxsiy kolleksiyasiga mansub.
Bundan tashqari, kolleksiya keng ommaga kam tanilgan rassomlar — D. Rahmonbekova va V. Antonov asarlarini ham qamrab oladi.
N. Pakning shaxsiy kolleksiyasi XX asr oxiri – XXI asr boshlariga oid asarlardan tashkil topgan bo‘lib, unda hozirda mamlakatimiz va xorijiy muzeylarda saqlanayotgan noyob eksponatlar hamda ularning estamp variantlari namoyish etiladi. Shu bois, ko‘rgazma tomoshabinlarga litografiya, linogravyura, monotipiya kabi murakkab bosma texnikalarda yaratilgan asarlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Milliy grafikaning bosma texnikalarini rivojlantirish, badiiy an’analarni saqlash va targ‘ib etish madaniy merosimizning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
🖼 Ko‘rgazmada 50 ga yaqin grafik asarlar namoyish etilmoqda.
✅ Ko‘rgazma 19-yanvargacha davom etadi.
✅ Kirish bepul.
📍 Manzil: Yusuf Xos Xojib ko‘chasi, 37 “A”, Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi