Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

  Joriy yil 9-oktyabr kuni soat 15:00 da O‘zbekiston Milliy matbuot markazida 2024 - Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlangan "San'at va Dunyo" mavzusida X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi ishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil qilindi.     

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 16-avgustdagi PQ-3219-son Qarori, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25-avgustidagi 25-son bayoni  ijrosini ta’minlash, mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan doʻstlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yurtimizning san’ati va madaniyatini keng targʻib qilish maqsadida joriy yil 14-18- oktyabr kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi, xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari, qator vazirlik va idoralar hamkorligida “San’at va dunyo ” mavzusida X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi oʻtkaziladi.

 X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi tasviriy san’at sohasida turli mamlakatlar, keng jamoatchilikka zamonaviy san’atning turli yangi yoʻnalishlari, yangi nomlarini namoyish etish, shuningdek, xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyatlar, an’analar, yutuqlar oʻrtasidagi ijodiy muloqotni mustahkamlashga qaratilgan. U ijodiy ongni erkinlashtirish, ijodiy izlanish sohasida plyuralizmni namoyon etish, turli mamlakatlardagi postmodern vaziyatning oʻziga xos xususiyatlarini, zamonaviy san’at holatini, globallashuv davrida mahalliy an’analarning yoʻqolib borayotganini koʻrsatishga qaratilgan.

            X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi konsepsiyasi koʻp madaniyatli turmush tarzini zamonaviy san’at prizmasi orqali namoyish etishga bagʻishlangan. Unda taqdim etilgan asarlar insonparvarlik qadriyatlarini qoʻllab-quvvatlovchi turli badiiy ifodalarni aks ettiradi. Biennale mavzusi ekologiya, madaniyat, bagʻrikenglik, oʻziga xoslik, sun’iy intellekt, texnogen sivilizasiya va insonning ichki dunyosi kabi tushunchalar haqida fikr yuritish imkonini beradi.

X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesida Avstraliya, AQSh, Argentina, Meksika, Braziliya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shvesiya, Niderlandiya,  Vengriya, Gresiya,  Polsha, Ruminiya, Sloveniya, Serbiya, Albaniya, Latviya, Litva,  Turkiya, Eron, Jazoir, Baxrayn, Isroil, Hindiston, Bangladesh, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston, qoʻshni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston singari 40 dan ortiq davlatlar vakillari oʻz asarlarini namoyish etishadi. Shuningdek, 50 nafardan ziyod Oʻzbekiston rassomlari qatnashayapti.

            Toshkent xalqaro biennalesi jahon zamonaviy san’at ijodkorlari uchun ochiq va keng muloqot maydoni boʻladi. Hafta davomida poytaxtimizda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zali, Ikuo Xirayama xalqaro madaniyat karvon saroyi, Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura  san’ati muzeyi hamda Oʻzbekiston tasviriy san’at galereyasida oʻtadigan  X Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biennalesi doirasida xorijlik va yurtimiz rassomlari asarlari koʻrgazmalari, mahorat darslari, ma’ruzalari, xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtadi.

         X Toshkent xalqaro zamonaviy  san’at biennalesining tantanali ochilish marosimi 14-oktyabr kuni soat 17:00 da Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy koʻrgazmalar zalida boʻlib oʻtadi.