close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

4-sentyabr kuni O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida “Ona diyor – ranglar jilosida” rasmlar tanlovining Respublika bosqichi ishtirokchilari asarlari ko‘rgazmasining ochilishi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
 

“Ona diyor – ranglar jilosida” respublika yosh ijodkorlari rasmlar tanlovi bevosita “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 1-apreldagi PQ-120-son qarorida belgilangan topshiriq va vazifalar ijrosini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, tanlov O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, iste’dodli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, tasviriy san’at yo‘nalishidagi yosh ijodkorlarning milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik va xalqparvarlik g‘oyalarini tarannum etuvchi yorqin san’at asarlarini yaratishdagi faoliyatini rag‘batlantirish hamda ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy-madaniy merosini targ‘ib qilish maqsadlariga xizmat qiladi.
 

Mamlakatimizda iste’dodli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil qilingan ushbu tanlovda 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, tasviriy san’atning rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik yo‘nalishlarida ijod qilayotgan yosh ijodkorlar ishtirok etishdi.

Tanlov 3 ta yosh toifasi bo‘yicha 2 bosqichda tashkil etildi.

Birinchi bosqich — viloyat bosqichi: iyun-iyul oylarida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat bo‘limlari tomonidan tashkil etildi.

Respublika bosqichida tasviriy san’atning rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik yo‘nalishida ijod qilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan hududiy bosqich g‘oliblari bo‘lgan 230 nafardan ortiq yosh ijodkor o‘z ijod namunalari bilan ishtirok etdilar.

Ishtirokchilarning ijodiy ishlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolari, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining a’zolari, taniqli ijodkorlar, shuningdek, madaniyat va san’at sohasi vakillaridan iborat nufuzli Hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, jami 9 nafar yosh ijodkor tanlov g‘olibi deb topildi.

Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan asarlarda asosan ona diyorimizning betakror tabiati va xushmanzara joylari tasvirlangan.

Ijodiy ishlarning har birida yosh ijodkorlarning dunyoqarashi va tuyg‘ulari, borliq, hissiyot va yosharish dunyosi aks etgan.

Respublika bosqichi g‘oliblari

7 yoshdan 13 yoshgacha bo‘lgan yosh ijodkorlar

  • III o‘rin — Zarina Reymova, 13 yosh (Qoraqalpog‘iston Respublikasi);

  • II o‘rin — Madina Islomova, 9 yosh (Toshkent shahri);

  • I o‘rin — Nafisa Usmonova, 12 yosh (Farg‘ona viloyati).

14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan yosh ijodkorlar

  • III o‘rin — Azizabonu Oripova, 14 yosh (Toshkent shahri);

  • II o‘rin — Zarnigor Yunusova, 15 yosh (Sirdaryo viloyati);

  • I o‘rin — E’zoza Israilova, 15 yosh (Toshkent shahri).

18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yosh ijodkorlar

  • III o‘rin — Anastasiya Aleksanyan, 21 yosh (Toshkent shahri);

  • II o‘rin — Mashhura Rahimqulova, 21 yosh (Toshkent viloyati);

  • I o‘rin — Ioanna-Karolina Chudova, 21 yosh (Toshkent shahri).

 

“Ranglar jilosida – ona diyor” rasmlar tanlovining g‘oliblari Diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Har bir ishtirokchiga sertifikat topshirildi.

Ko‘rgazma joriy yilning 13-sentyabrigacha davom etadi.