Xalqaro an’anaviy “Tasviriy va amaliy san’at festivali” doirasida Qozog‘iston, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda respublikaning barcha viloyatlaridan tashrif buyurgan 80 nafarga yaqin o‘quvchi-talabalar uchun Toshkent shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohat tashkil etildi.
🎯 Mazkur sayohatning asosiy maqsadi — yosh ijodkorlarni mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi va zamonaviy bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek ularning dunyoqarashini kengaytirishdan iborat.
🕊 Sayohat davomida ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, uning tarixiy va ma’naviy ahamiyati bilan tanishdilar. Shuningdek, ular “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘lib, xalqimizning jasorati va matonatini ifodalovchi yodgorliklarni yaqindan ko‘zdan kechirdilar.
🎡 Bundan tashqari, yoshlar uchun zamonaviy hordiq maskani bo‘lgan “Magic City” istirohat bog‘iga ham tashrif uyushtirildi. Bu yerda ishtirokchilar maroqli dam olish, o‘zaro muloqot va fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
🤝 Tashkil etilgan mazkur sayohat festival ishtirokchilarida kuchli taassurot qoldirib, ularning ijodiy ilhomini yanada oshirishga xizmat qildi.
📌 Loyiha O‘zbekiston madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining amaliy ko‘magida amalga oshirildi.