close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bobur shahrida joriy yilning 18–22-may kunlari O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Andijon viloyat hokimligi tomonidan ilk bor Rassomlar festivali o‘tkaziladi.

🎙 7-may kuni Badiiy akademiya anjumanlar zalida festival oldidan matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda mutasaddilar tomonidan festivalga tayyorgarlik va uni o‘tkazish bilan bog‘liq batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.

🏛 Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans g‘oyalari doirasida mamlakatimizda milliy tasviriy va amaliy san’atni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlat rahbari va hukumatning sohaga bergan yuksak e’tibori tufayli o‘zbek san’atining milliy badiiy boyliklari, rassom va ijodkorlarning asar hamda yutuqlarini xalqaro jamoatchilikka namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan Rassomlar festivali ham ana shu maqsad yo‘lidagi nufuzli san’at anjumanlaridan biridir.

✅ Shavkat Mirziyoyev 2025-yil aprel oyida Andijon viloyatiga tashrifi davomida Bobur shahri milliy madaniyat, san’at, o‘zbekona mehmondo‘stlik, bag‘rikenglik va hamkorlikni aks ettiruvchi o‘ziga xos maskanga aylanishi kerakligini ta’kidlab, aynan shu shaharda Rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.

📍 Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 30-dekabrdagi 843-son qaroriga muvofiq, 2026-yildan boshlab Bobur shahrida har ikki yilda bir marta Rassomlar festivalini o‘tkazish belgilandi.

🎯 Festivalning asosiy vazifalari

  • Yosh iste’dodlar va tasviriy san’at ijodkorlarini milliy o‘zlikni anglash g‘oyalarini tarannum etuvchi asarlar yaratishga ruhlantirish;
  • Sohaga hissa qo‘shayotgan tajribali ijodkorlar va iste’dodli rassomlarni aniqlash, ularni ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish;
  • O‘zbek tasviriy san’atining turli yo‘nalishlarini rivojlantirish va xalqning estetik ehtiyojini qondirish;
  • Milliy san’atning an’analari, o‘ziga xos jihatlari va yutuqlarini xalqaro hamjamiyatga namoyish qilish;
  • Bobur shahrini yoshlar uchun ilhom va ijod maskani, shuningdek, yangi turizm va madaniyat markaziga aylantirish.

💡 Festival “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkaziladi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan 200 nafarga yaqin ijodkor ishtirok etadi. Festival doirasida rangtasvir, badiiy foto, haykaltaroshlik va grafika yo‘nalishlaridagi ijodkorlar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanadi:

  • Gran-pri
  • Eng yaxshi rangtasvirchi rassom
  • Eng yaxshi haykaltarosh
  • Eng yaxshi fotorassom
  • Eng yaxshi grafik rassom

✅ Festival dasturidan:

  • Ijodiy asarlar ko‘rgazmalari
  • Mahorat darslari
  • Ijodiy suhbatlar
  • TURKSOY bilan hamkorlikdagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya
  • Plenyerlar
  • Hunarmandchilik va amaliy san’at ko‘rgazmalari
  • Milliy va tarixiy liboslar namoyishi
  • Badiiy dasturlar
  • Diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar

💲 Festival yakunida g‘oliblar Tashkiliy qo‘mita tomonidan Shavkat Mirziyoyev nomidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobil, diplom, festival haykalchasi va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.