close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

2025-yil 11-dekabr kuni Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari ishtirokida, bitiruvchilar bandligini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimida bitiruvchilar bandligini ta’minlash yuzasidan 2025-yil 7-noyabr kuni o‘tkazilgan majlis bayonida belgilangan vazifalarga muvofiq tashkil etildi. Bayonda ta’kidlanganidek, joriy yil dekabr oyidan boshlab tizimdagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan ijodiy uchrashuvlar va mahorat darslari o‘tkazish, shuningdek Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining faoliyati hamda unda yaratilgan imkoniyatlarni keng targ‘ib qilish belgilangan. Shu asosda institut rahbariyati, taniqli ijodkorlar, akademiklar, xalq rassomlari, professor va talabalar turli hududlarga xizmat safarlariga yo‘naltirilmoqda.

Bugungi uchrashuv doirasida O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining akademigi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti sovrindori, professor Akmal Ikromjonov, shuningdek taniqli rassom, Kamoliddin Behzod nomidagi institutning Tasviriy san’at fakulteti Dastgohli rangtasvir bo‘limi dotsenti Abdumajid Sagatov Samarqand san’at maktab-internatiga tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida mehmonlar yuqori sinf o‘quvchilarining ijodiy ishlari bilan yaqindan tanishdilar, dars jarayonini kuzatdilar hamda o‘quvchilarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha professional rivojlanishga oid qimmatli tavsiyalar berdilar. Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmadagi chizma tasvir ishlari ko‘rib chiqilib, baholandi.

Uchrashuv doirasida mahorat darslari o‘tkazilib, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining o‘quv jarayoni, zamonaviy ta’lim texnologiyalari hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida keng qamrovli targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

Davra suhbati davomida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, professor-o‘qituvchilardan batafsil javoblar oldilar. Suhbat jarayoni jonli, o‘zaro fikr almashinuviga boy va yuqori qiziqish bilan o‘tdi. O‘quvchilar ushbu uchrashuvdan katta motivatsiya va ilhom oldilar.

Tadbir yakunida ushbu ijodiy uchrashuvni tashkil etgani uchun maktab-internati direktori G. Kuchkarova O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Tashakkurnoma”si bilan taqdirlandi. Shuningdek, “Eng yaxshi ijodiy ishlari uchun” 3 nafar o‘quvchi — Normamatova Zulxumor, Urinova Adiba va Xidiraliyev Shohjaxon — Akademiya tomonidan taqdim etilgan tashakkurnomalar bilan mukofotlandilar.

Mazkur tadbir Samarqand ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilarining ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ularni san’atning professional muhitiga yaqinlashtirish hamda kelajakdagi ta’lim va kasbiy yo‘nalishda to‘g‘ri yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etdi.