25-mart kuni Samarqand shahridagi O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi qoshidagi Do‘smatboy galereyasida Qoraqalpog‘iston rassomlarining “An’ana va zamonaviylik” nomli ko‘rgazmasi tantanali ravishda ochildi.
Ushbu ko‘rgazma Navro‘z bayrami doirasida, “Inson ulug‘ligi — Navro‘z ulug‘ligi” shiori ostida tashkil etildi.
Ko‘rgazmaga 15 nafar muallifning 40 ga yaqin asari qo‘yilgan bo‘lib, ular orasida tajribali mohir rassomlar bilan bir qatorda yosh ijodkorlar ham bor.
Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — Samarqand shahri aholisi va mehmonlarini Qoraqalpog‘iston rassomlarining ijodi bilan yaqindan tanishtirish, tasviriy san’at vakillari o‘rtasida ijodiy tajriba almashishni kuchaytirish, millatlararo do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, shuningdek, yosh avlodni Vatanga va milliy an’analarga sodiq ruhda tarbiyalashdan iborat.