close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

Bugun, 10-dekabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli yosh rangtasvirchi rassom Sarvar Yo‘ldashevning “Tuyg‘ular navosi” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada ijodkorning 50 ga yaqin rangtasvir asari tomoshabinlar e’tiboriga havola qilindi.

Rassom ijodida zamonaviy rangtasvir o‘ziga xos kenglik va talqinga ega. An’anaviy va mumtoz shakl-shamoyillar, ramziy obrazlar, mavzu va syujetlar zamonaviy badiiy ohang, chizg‘ilar va ranglar bilan uyg‘unlikda tasvirlanadi. Sarvar Yo‘ldashev turli kompozitsion hamda rang yechimlari ustida muntazam izlanib, ularni ijodiy tajribadan o‘tkazishga intiladi. Maishiy mavzulardan chekinib, chuqur falsafiy-estetik mazmunga ega asarlar yaratishga bo‘lgan intilish rassomning o‘ziga xos ijodiy manerasi shakllanishiga sabab bo‘lgan.

Sarvar Yo‘ldashev qadimiy va azaliy mavzularni to‘laqonli, tugallangan syujetlarda ifodalash mahoratiga ega. Mumtoz adabiyot durdonasi — “Lison-ut-tayr” dostoni rassom mo‘yqalamida zamonaviy, yangicha san’at talqinini topgan. Asardagi g‘oyalar kompozitsiya va ranglar yechimi, ramziy-unsuriy qatlam va allegorik obrazlar orqali badiiy tilga ko‘chirilgan: “Talab vodiysi”, “Istig‘no vodiysi”, “Ishq vodiysi” kabi turkumlar buning yorqin dalilidir.

Bundan tashqari, milliy, xalqona ruhdagi etnografik mavzularda ham o‘z badiiy nigohini muvaffaqiyat bilan namoyon etgan. An’anaviy etnografik mavzular va syujetlar rassom tasvirida zamonaviy hamda ramziy–majoziy mohiyat kasb etadi: “Abadiyat eshigi”, “Ona”, “Kapalak bo‘sasi”, “Tuyg‘ular daraxti”, “Karvon”, “Zangori anorlar” kabi asarlar shular jumlasidandir.

“Tuyg‘ular navosi” ko‘rgazmasi — yosh rassomning badiiy tafakkuri, ruhiy izlanishlari va ranglar orqali so‘zlaydigan ichki olami namoyon bo‘lgan yirik san’at hodisasidir. Uning asarlarida mumtoz meros bilan zamonaviy tasavvur, ramziy qatlam bilan badiiy kompozitsiya, falsafiy mazmun bilan nozik ranglar uyg‘unligi bir butun estetik makon sifatida gavdalanadi.