Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

 Bugun, 22-sentyabr kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyida eronlik xattot Kove Temuriyning shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

Kove Temuriy 1965-yilda Tehronda tug‘ilgan. Alloma Tabotaboiy universitetida sotsiologiya yo‘nalishida tahsil olib, magistrlik darajasiga ega bo‘lgan. Xattotlik va yozuv estetikasi bo‘yicha 40 dan ortiq ilmiy maqola va tadqiqotlar, xattotlikka oid qator kitoblar muallifidir hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan bir qatorda 31 yildan buyon xattotlik san’atidan saboq berib kelmoqda. Uning asarlari nafaqat Eronda, balki chet ellardagi ko‘rgazmalarda ham namoyish etilgan.

Islom an’anasida xattotlik san’ati – bu shunchaki yozuv emas, balki ijodkor qalbining oynasi bo‘lib, bunda uning fikrlari, tuyg‘ulari va ma’naviy izlanishlari aks etadi. Ko‘rgazma ekspozitsiyasi muallifning klassika va zamonaviylik uyg‘unlashgan fors xattotligi sohasidagi badiiy izlanishlarini ochib beradi. Tomoshabinlar e’tiboriga Qur’oni Karim suralari, mumtoz va zamonaviy adabiy asarlardan parchalar, shuningdek, turli uslublarda bajarilgan abstrakt xattotlik kompozitsiyalari taqdim etilgan. Bular orasida akademik jihatdan puxta ishlab chiqilgan daftariy uslubidan tortib, tafakkurga chorlovchi intizoi va his-hayajonli shaydoiy uslublarigacha bo‘lgan namunalar mavjud. 

Kove Temuriy tomonidan “siyoh mashq” texnikasida bajarilgan an’anaviy san’atning abstrakt talqinlari alohida e’tiborni tortadi. Bu ritmik kompozitsiyalar dastlab harflarni yozish mahoratini sayqallash uchun yaratilgan bo‘lib, qalam harakatining erkinligi va emotsional ekspressivlik bilan maftun etadi, mashq qilish jarayonini mustaqil badiiy ifodaga aylantiradi.
🔹 “So‘zlar raqsi (aylanishi)” abstrakt kompozitsiyasida darveshlarning muqaddas raqsi namoyon bo‘lib, unda har bir harf ma’rifat sari eltuvchi qadamga aylanadi, 
🔹“Ruh to‘foni" asarida muallif qora siyoh yordamida insonning ichki dunyosidagi haqiqatni izlash va o‘z-o‘zini anglash jarayonidagi  bo‘ronni tasvirlay olgan. 
🔹“Buxoro kitob bozori” asarida esa qadimiy qo‘lyozmaning yirtib olingan varag‘i yo‘qolib borayotgan tarixning bir bo‘lagi sifatida gavdalanadi.

Shunday qilib, Kove Temuriy shunchaki xattot emas, balki fikrlovchi rassom sifatida namoyon bo‘ladi, uning uchun harf shunchaki belgi emas, balki chuqur ma’no, his-tuyg‘u va falsafani o‘z ichiga olgan koddir. Temuriy asarlarida xattotlik bezakli yozuv doirasidan chiqib, tafakkur shakliga, ichki dunyo haqida so‘zlay oladigan tilga aylanadi va o‘ziga xos vizual meditatsiya sifatida aks etadi.

Ko'rgazma joriiy yilning 24-sentabrigacha davom etadi!