Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Bugun, 7-iyul kuni Guliston shahrida Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-iyul kuni qabul qilingan "Tasviriy va amaliy sanʼat sohasini yana-da rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" PQ-212-son qarori ijrosini ta‘minlash hamda Sirdaryo viloyatida tasviriy va amaliy san‘at sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan "Yo‘l xaritasi"ni amalga oshirishga bag‘ishlangan mazkur muhokama uchrashuvida sohada mavjud muammolarni bartaraf etish, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro muloqotda Alisher Navoiy nomidagi viloyat kutubxonasi binosida soha vakillari - rassomlar va amaliy sanʼat ustalarining ijodiy ko‘rgazmalarini hamda boshqa madaniy tadbirlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan sanʼat galereyasini tashkil qilish taklifi maʼqul topildi.
Shuningdek, Badiiy akademiya tasarrufidagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati hududida badiiy taʼlim sifatini oshirish, iqtidorli yoshlarni tarbiyalashga munosib sharoit yaratish maqsadida qo‘shimcha o‘quv binosini qurish masalasiga eʼtibor qaratildi.
Tomonlar davlatimiz rahbarining ushbu qarori ijrosini taʼminlash - viloyatda tasviriy va amaliy sanʼat rivoji yangi pog‘onaga ko‘tarilishiga keng yo‘l ochishini taʼkidlashdi.
Uchrashuv yakunida Sirdaryo viloyatida tasviriy va amaliy san‘at sohasini yana-da rivojlantirish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan "Yo‘l xaritasi" imzolandi.