O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Xasan Salixov, Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha ijodiy birlashmalar mas’ullari ishtirokida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan navbatdagi muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida "Badiiy ijodkorlar uyushmasi" hamda "Amaliy san'at" ijodiy birlashmalari tomonidan tasviriy san’at hamda amaliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha ishlab chiqilgan istiqbolli ish rejalari taqdimot qilinib, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muhokamalarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF–103-son Farmonida belgilangan vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash, tasviriy va amaliy san’atni yangi bosqichga olib chiqish, yosh ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, taqdimotlarda hududlarda yangi ijodiy ustaxonalar va zamonaviy san’at markazlarini tashkil etish, yosh iste’dodlarni aniqlash, ularni tanlov, ko‘rgazma va xalqaro simpoziumlarga keng jalb etish, nufuzli xalqaro festival va biennalelarda ishtirokni kengaytirish, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar malakasini xorijiy ta’lim va san’at muassasalarida oshirish, tasviriy va amaliy san’at bo‘yicha zamonaviy o‘quv-metodik bazani takomillashtirish, ilmiy-uslubiy adabiyotlar hamda elektron platformalarni yaratish, milliy hunarmandchilik maktablarini rivojlantirish, tarixiy an’analarni asrab-avaylash va zamonaviy yondashuvlar asosida ommalashtirish; xorijiy davlatlar bilan ilmiy-ijodiy aloqalarni kengaytirish hamda xalqaro ko‘rgazma va festivallarda ishtirokni faollashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan batafsil taqdimotlar namoyish etildi.
Yig‘ilish yakunida taqdim etilgan ish rejalarini yanada takomillashtirish, ularning samaradorligini oshirish hamda belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.