Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Joriy yilning 19 dekabr kuni Toshkent Fotosuratlar uyida “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” nomli fotoko‘rgazma ochildi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Toshkent Fotosuratlar uyi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ko‘rgazma yakuniga yetayotgan Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yiliga bag‘ishlangan bo‘lib, unda O‘zA fotomuxbirlari ijodiga mansub yuzdan ortiq suratlar namoyish qilinmoqda.
2024 yilda mamlakatimiz ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida yuz bergan o‘zgarishlarning o‘ziga xos sarhisobi bo‘lgan mazkur fotoko‘rgazma xalqimiz turmush darajasini yaxshilash, “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida keng qamrovli islohotlarni amaliyotga tatbiq qilish jarayonlarini badiiy obrazlarda aks ettirishga qaratilgan.
Ko‘rgazmaning mavzu ko‘lami keng. Yangi bunyod etilayotgan yirik inshootlar, ko‘rkam turar joylar, ko‘priklar va yo‘llar, yangi ishlab chiqarish korxonalari va sanoat zonalari, kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyati, qishloq xo‘jaligida ilg‘or innovatsion texnologiyalarning joriy qilinishi, tabiatni muhofaza qilish, suv resursini asrash, yangi maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, sport majmualari va boshqa ijtimoiy obyektlardan professionallik bilan olingan suratlarni alohida e’tirof etish mumkin. Shu bilan birga bir turkum suratlar ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarning joylardagi ijrosiga, zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va oliy o‘quv yurtlaridagi ta’lim-tarbiya jarayonlariga bag‘ishlangan. Yosh olimlar va talabalarning ilmiy tadqiqotlari hamda yangi texnologiyalar ustida ishlayotgan qimmatli lahzalar, O‘zbekistonning jozibador turistik manzillari ham O‘zA fotomuxbirlari obyektiviga muhrlangan.
Ko‘rgazma turli sohada bunyodkorlik ruhi va shijoati bilan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz timsolida O‘zbekistonning yangi tarixiy bosqichdagi rivojlanishini hujjatli tarzda aks ettiradi. Uni o‘tkazishdan maqsad esa, tabiiyki, fuqarolarimizda, ayniqsa, yosh avlod vakillarida ona Vatanga sadoqat va faxr hissini mustahkamlash, el-yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini uyg‘otishdan iborat.
Ko‘rgazma 25 dekabrga qadar davom etadi.