Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
close-icon

Понедельник – Пятница, 09:00 – 18:00

/html/public/icons/header/call.png

+998 71 233-04-16

menu-icon

 2025-yil 13-sentabr kuni  Markaziy ko‘rgazmalar zalida qoraqalpog‘istonlik yosh rassomlarning ilk yirik ko‘rgazmasi ochildi.

 Mazkur ko‘rgazma qoraqalpoq zamonaviy tasviriy san’atida yangi avlodning sahnaga chiqishini ifodalovchi muhim san’at hodisasi bo‘lib, O‘zbekiston badiiy maydonida mintaqaviy maktablarning rivojlanishidagi navbatdagi bosqich sifatida baholanmoqda.

 Qoraqalpog‘iston rassomlari qadimiy madaniy an’analar va xalq amaliy san’ati merosiga tayangan holda zamonaviy tasviriy san’atda samarali ijod qilib kelmoqda. Ushbu yo‘lning munosib davomchilari bo‘lgan bugungi yosh rassomlar ham izlanishlari va yangi badiiy ifoda vositalari orqali san’at olamida o‘z ovozlarini baralla eshittirishmoqda.

 Ko‘rgazma O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda Regeneration Art Gallery hamkorligida tashkil etildi. Ekspozitsiyada uyushma a’zolari — Baxtiyor Serekeev, Temur Shardemetov, Salamat Babajanov va Nauriz Aytmuratovning birinchi yirik ijodiy loyihasi taqdim etildi.

 Ko‘rgazmada neoekspressionizm yo‘nalishida yaratilgan 300 dan ortiq asar namoyish etildi. Ular kuchli energetika, hissiy ekspressiya, rang va shakl erkinligi bilan ajralib turadi. Har bir asarda rassomning shaxsiy kechinmalari, ruhiy izlanishlari va ichki olamiga oid nozik tafakkur badiiy vositalar orqali mujassam etilgan. Ushbu estetika yangi avlod rassomlarining o‘ziga xos san’atiy yondashuvini yaqqol namoyon etadi.

 Loyiha kuratori — taniqli san’atshunos Dilda Ramazan. U ekspozitsiyani qoraqalpoq san’atida yangi badiiy til izlashga qaratilgan yaxlit konsepsiya sifatida shakllantirdi. Asarlarning joylashuvi va umumiy ekspozitsion yechim tomoshabinga mintaqaviy xotira, shaxsiy izlanish va global san’at tendensiyalari o‘rtasidagi murakkab badiiy muloqotni his qilish imkonini beradi.

Mazkur ko‘rgazma qoraqalpog‘istonlik yosh rassomlarning badiiy salohiyati va estetik qarashlarini yuksak saviyada namoyon etdi. Tadbir yangi g‘oyalar, ilg‘or yondashuvlar va yosh iste’dodlarni keng jamoatchilikka tanitishga xizmat qilgan yirik badiiy platforma sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.