Sayt test rejimida ishlamoqda! Сайт находится в тестовом режиме!
Joriy yilning 2-noyabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida turkiyalik ijodkorlar Emine Solak va Setenay Alpsoyning “San’at an’analardan kelajak sari” nomli ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Tadbir O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlari uyushmasi — UTİD tashkil topganining 30 yilligiga bag‘ishlanib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik va san’at orqali ruhiy yaqinlikni yuksak badiiy ifoda bilan namoyon etdi.
Ko‘rgazmaning birinchi zalida rassom Emine Solakning ebru, miniatyura va nozik bezak san’atiga tayangan asarlari namoyish qilindi. San’atkor qadimiy uslub va zamonaviy kompozitsion yechimlarni uyg‘unlashtirib, rang va suvning tabiiy harakati orqali ichki sokinlik, mulohaza va ruhiy poklanish holatini yaratadi. Uning asarlarida an’ana – zamonaviylikni yo‘qotmagan estetika, mayin ranglik esa ulug‘vor badiiy kamtarlik sifatida namoyon bo‘ldi.
Ikkinchi zal esa Setenay Alpsoyning shahar va inson o‘rtasidagi ruhiy dialogga bag‘ishlangan rangtasvirlari bilan to‘ldi. Rassom shahar ritmi, tevarak-atrofdagi harakat, odam ruhiyatidagi tartib va tartibsizlik, xotira va tasavvur almashinuvi kabi holatlarni badiiy shaklga soladi. Uning asarlari tomoshabinni shunchaki kuzatuvchi emas, balki ichki suhbati uyg‘ongan ishtirokchiga aylantiradi.
Mazkur ko‘rgazma ikki xalq badiiy tafakkuridagi mushtarak ildizlar, tarixiy xotira va zamonaviy dunyoqarashning uchrashuv maydoniga aylandi. Bu yerda an’ana nafaqat meros sifatida, balki kelajakni yaratishga ilhom bag‘ishlaydigan manba sifatida kashf etildi.